Pensiya va nafaqalar bo‘yicha ma’lumot

Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasiga binoan “Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega”.

O‘zbekiston Respublikasida davlat pensiya ta’minoti tizimi 1993 yil
3 sentyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuni hamda ushbu Qonun asosida ishlab chiqilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Mazkur Qonunga asosan ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar va ularning oilalari davlat pensiyalari olish huquqiga ega emaslar, ularning ijtimoiy ta’minlanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2011 yil 7 aprelda tasdiqlangan “Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Fuqarolarga pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lash Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan jamg‘armaga yig‘ilgan mablag‘lar hamda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Demak, yanada aniqroq tushunishimiz uchun ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarga pensiyalarni tayinlash va ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tizimlarini shartli ravishda ikkiga bo‘lishimiz mumkin.

Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash tartibi

Mamlakatimizda amalda bo‘lgan pensiya tizimi bu - “solidar” pensiya ta’minoti tizimiga asoslangan tizim bo‘lib, pensionerlarga pensiya to‘lovlari uchun mablag‘lar, asosan bugungi kundagi ish beruvchilar tomonidan Pensiya jamg‘armasiga to‘lanayotgan ijtimoiy to‘lovlar hisobidan amalga oshirib boriladi.

Fuqarolar pensiya olish huquqi paydo bo‘lganidan so‘ng istalgan paytda pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etishlari mumkin.

Masalan, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda hamda ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

Pensiya yoshiga etib, zaruriy ish stajiga ega bo‘lmagan taqdirda, lekin kamida 7 yillik ish staji mavjud bo‘lsa, bor stajiga mutanossib ravishda to‘liqsiz miqdorda yoshga doir pensiya tayinlanadi. To‘liqsiz yoshga doir pensiyaning miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan kam bo‘lmasligi lozim.

Pensiyalarning miqdori fuqarolarning bevosita ish staji va ish haqisiga, ya’ni to‘langan ijtimoiy to‘lovlarga proporsional bog‘liq ravishda hisoblab chiqiladi.

Fuqarolarga ijtimoiy nafaqlarni tayinlash tartibi

Fuqarolarning konstitutsion huquqlarini kafolatlash doirasida davlat pensiyasini tayinlash uchun ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Ijtimoiy nafaqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlarini oshirish to‘g‘risidagi Farmonlariga muvofiq qat’iy miqdorlarda belgilanadi.

Misol uchun, yoshga doir nafaqalar erkaklarga - 65 yoshga etganlarida va ayollarga - 60 yoshga etganlarida hamda ish stajlari 7 yildan kam bo‘lganda tayinlanadi. YOshga doir ijtimoiy nafaqaning miqdori (2019 yil 1 yanvar holatiga) – 243 300 so‘mni tashkil etadi.

2019 yilda biror bir turdagi pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tartibi bekor bo‘lmagan hamda barcha to‘lovlar o‘rnatilgan tartibda har oyning 27-sanasiga qadar to‘liq amalga oshiriladi.




Tez-tez beriladigan savollar