Korxona va tashkilotlar uchun hisobotlarni topshirish shakli o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 fevraldagi “Fuqarolarning pensiyalarini hisoblash uchun zarur bo‘lgan hisoblangan ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishni joriy etish chora-tadbirlari haqida”gi 80-son qaroriga asosan fuqarolarning pensiyalarini hisoblash uchun zarur bo‘lgan hisoblangan ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritish (keyingi o‘rinlarda ish haqini hisobga olish reestri deb ataladi) fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reestri bazasida tashkil etiladi.

Fuqarolarning pensiyalarini hisoblash uchun zarur bo‘lgan hisoblangan ish haqi summalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 2019 yil 1 yanvardan boshlab har bir jismoniy shaxs bo‘yicha ish beruvchilar tomonidan davlat soliq organlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq hisoboti tarkibida belgilangan tartibda elektron shaklda taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 martdan boshlab fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali fuqarolarning hisoblangan ish haqi summalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha davlat interaktiv xizmatini joriy etish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Bunda ish haqini hisobga olish reestrida hisobga olinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar elektron shaklda ish beruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligining 2019 yil 7 yanvardagi 2019-05, 2-son «Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori (ro‘yxat raqami 3126, 2019 yil 21 yanvar) bilan tasdiqlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yagona ijtimoiy hisob-kitobiga 5-ilovasi bo‘yicha rasmiylashtiriladi.

Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish maqsadida DSQ tomonidan Pensiya jamg‘armasiga DSQning Markazlashgan axborot bazasida joylashgan ma’lumotlardan foydalanish huquqi beriladi. Shunga asosan fuqarolarga kelgusida davlat pensiyalarini tayinlashda ulardan arxiv idoralari yoki boshqa tashqilotlardan ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni talab qilish sharti bekor qilinadi.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar ish beruvchidan oyma-oy bo‘lingan holdagi ma’lumotlar to‘g‘risida ma’lumotnomani bepul olish, ya’ni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali fuqarolarning pensiyalarini hisoblash uchun zarur bo‘lgan hisoblangan ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish bo‘yicha davlat interaktiv xizmatidan foydalanadi hamda ish beruvchi tomonidan davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilgan ma’lumotlarda xatoliklar aniqlangan taqdirda ish beruvchidan ma’lumotlarni to‘g‘rilash va qayta topshirishni talab qilish huquqiga ega.

Manbaa: www.pfru.uz




Tez-tez beriladigan savollar