Pensiya tayinlash uchun hujjatlar

Tashkilot ma’muriyati har yili dekabr oyida shaxsiy varaqchalar va mehnat daftarchalari asosida keyingi yilda ham umumiy, ham imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega bo’ladigan xodimlar bo’yicha pensiya tayinlash uchun zarur bo’ladigan hujjatlarni dastlabki tayyorlash ishlarini amalga oshiradi. Zarur bo’lganda tashkilot ma’muriyati etishmayotgan hujjatlarni so’rab olish choralarini ko’rishi kerak.

Tashkilot ma’muriyati to’plangan barcha hujjatlar asosida pensiya tayinlash uchun taqdimnomani rasmiylashtiradi.

Xodim pensiya tayinlash to’g’risida ariza bergan taqdirda, tashkilot ma’muriyati mazkur ariza ro’yxatga olingan vaqtdan boshlab 10 kun mobaynida zarur hujjatlarni va taqdimnomani to’liq rasmiylashtiradi va ariza beruvchini ular bilan (taqdimnomaga imzo qo’ydirgan holda) tanishtiradi.

Agar pensiyaga huquqi bo’lgan shaxs ishlovchi bo’lmasa, pensiya tayinlash uchun ariza u tomonidan u yashab turgan Pensiya jamg’armasi bo’limiga beriladi.

Hujjatlar va taqdimnoma xodimning arizasi bilan birga ariza beruvchining yashash joyidagi Pensiya jamg’armasi bo’limiga yuboriladi. Tashkilot ma’muriyati pensiya tayinlash uchun zarur bo’lgan barcha hujjatlarni to’play olmagan hollarda, Pensiya jamg’armasi bo’limiga bor hujjatlar topshiriladi.

Barcha zarur hujjatlar bilan birga ariza qabul qilingan kun pensiya so’rab murojaat etilgan kun hisoblanadi.

Agar ariza pochta orqali yuborilsa va bunda barcha zarur hujjatlar ham ilova qilingan bo’lsa, ushbu arizani jo’natishning pochta shtempelida ko’rsatilgan sanasi pensiya so’rab murojaat etilgan kun hisoblanadi.

Arizaga barcha zarur hujjatlar ilova qilinmagan hollarda, Pensiya jamg’armasi bo’limi qo’shimcha yana qanday hujjatlar taqdim etilishi lozimligini tashkilot ma’muriyatiga yoki ariza beruvchiga ma’lum qiladi. Agar ular qo’shimcha hujjatlar taqdim etilishi lozimligi to’g’risida xabarnoma olingan kundan boshlab uch oydan kechikmay taqdim etilsa, pensiya tayinlash to’g’risidagi ariza qabul qilingan kun pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan kun hisoblanadi.

Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning asoslanganligi va ishonchliligi uchun shubha paydo bo’lgan taqdirda, Pensiya jamg’armasi bo’limi pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish to’g’risida qaror chiqarishi mumkin. Tekshirish tasdiqlovchi hujjatlarni bergan tashkilotda yoki arxivda amalga oshiriladi. Tekshirish natijalari bo’yicha ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, u tekshiruvchining va tashkilot yoki arxiv mansabdor shaxsining imzosi, shuningdek tashkilot yoki arxivning muhri bilan tasdiqlanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi tashkilot yoki arxivda, ikkinchi nusxasi Pensiya jamg’armasi bo’limida qoladi. Dalolatnomada tasdiqlovchi hujjatlarning kim tomonidan berilganligi va tekshirish vaqtida hujjatlarning joylashgan joyi to’g’risidagi ma’lumot majburiy tartibda ko’rsatiladi.

Pensiya jamg’armasi bo’limi pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish to’g’risida qaror chiqargan hollarda, tekshirish tamom bo’lish muddatidan qat’i nazar, pensiya tayinlash uchun dastlab murojaat qilingan sana pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan sana hisoblanadi.

Tez-tez beriladigan savollar