Yakka tartibdagi tadbirkorlarga va oilaviy tadbirkorlik subektlarga

Tadbirkor davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo’yish bilan bir paytda byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga badal to’lovchi sifatida davlat ijtimoiy sug’urtalanadigan shaxsga aylanadi.

Tadbirkorning pensiya olishga bo’lgan huquqi u pensiya yoshiga to’lganda yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda boshlanadi.

Tadbirkor o’zidagi mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan ta’minlanish va ijtimoiy sug’urta bo’yicha nafaqaning o’zi istaydigan miqdoridan kelib chiqib byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari miqdorini mustaqil ravishda belgilaydi.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga to’lanadigan sug’urta badallarining eng kam miqdori har oyda O’zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqidan kam bo’lmagan miqdorni, yoshiga oid pensiya olish huquqiga ega bo’lgan, shuningdek I va II guruh nogironlari bo’lgan tadbirkorlar uchun esa eng kam oylik ish haqining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak.

Tadbirkor belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatini to’xtatib turgan paytida sug’urta badallari to’lanmaydi, va bu davr stajga qo’shilmaydi.

Sug’urta badallari tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi jismoniy shaxslar daromadidan soliq to’lash uchun belgilangan muddatlarda to’lanadi.

Tadbirkorlar soliq haqidagi qonunlarga muvofiq sug’urta badallari o’z vaqtida to’lanishi uchun javob beradilar.

Tadbirkorning mehnat stajiga u byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari to’lagan davrlar kiritiladi.

Pensiya va davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqalar tayinlash uchun mehnat stajini hisoblab chiqishda, agar to’langan badallar summasi ushbu yilning barcha oylari uchun belgilangan eng kam badaldan kam bo’lmasa (to’langan penyalarni hisobga olmagan holda), stajga kalendar yil qo’shiladi.

Tadbirkorning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari to’lanishidan qat’i nazar pensiya va davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqalar tayinlash uchun mehnat stajiga qo’shiladi.

To’liq kalendar yil mobaynida tadbirkorning asosiy faoliyati qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtirish va qayta ishlash bo’lgan hollarda, agar mazkur yilda badallar kamida 9 oy mobaynida to’langan bo’lsa stajga kalendar yil qo’shiladi.

Tadbirkor sifatidagi ish faoliyati va uning davomiyligi guvohlik ko’rsatmalari bilan tasdiqlanmaydi.

Pensiya miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan aniq bir oy uchun tadbirkorning daromadi to’langan oylik sug’urta badali summasini ish beruvchilar va xodimlar uchun sug’urta badallari ajratishning qonun hujjatlarida belgilangan jami foiziga bo’linadi va olingan natijani 100 ga ko’paytirish yo’li bilan aniqlanadi.

Pensiya yashash joyida, ijtimoiy sug’urta bo’yicha nafaqa esa tadbirkor Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limlari tomonidan ro’yxatdan o’tkazilgan joyda amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tayinlanadi.

Ijtimoiy sug’urta bo’yicha nafaqa, agar ushbu nafaqani olish huquqi tadbirkor tomonidan sug’urta badallari to’lash davrida boshlangan bo’lsa beriladi.

Tez-tez beriladigan savollar