Pensiya jamg’armasi tarixi

O’zbekiston Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 14 yanvardagi 9-son qaroriga asosan Pensiya fondining O’zbekiston jumhuriyat bo’limi tashkil etilgan.

Ijtimoiy ta’minot tizimida davlat kafolatlarini amalga oshirish hamda ijtimoiy sug’urta mablag’larining to’g’ri va samarali sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi va O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashining 1993 yil 4 avgustdagi 391-son qaroriga muvofiq, sobiq SSSR Pensiya fondining O’zbekiston Respublika bo’limi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug’urta jamg’armasi tashkil etilgan. Unga O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi tizimidan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug’ish bo’yicha, farzand tug’ilganda, dafn etishga beriladigan nafaqalarni to’lashga yo’naltiriladigan davlat ijtimoiy sug’urta mablag’lari berilgan.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, pensiya ta’minoti uchun majburiy badallarning to’liq kelib tushishi xamda davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha pensiya va nafaqalarni to’lashga xarajatlarni o’z vaqtida moliyaviy ta’minlash uchun ijtimoiy ta’minot organlarining mas’uliyatini oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 27 dekabrdagi 459-son qaroriga asosan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sug’urta jamg’armasi negizida O’zbekiston Respublikasi Ijtimoiy ta’minot vazirligi huzurida Qoraqalpog’iston Respublikasi Ijtimoiy ta’minot vazirligi va ijtimoiy ta’minot mahalliy organlari qoshida tegishli xududiy bo’linmalari va bo’limlari bo’lgan Pensiya jamg’armasi tashkil etilgan.

Pensiya ta’minoti tizimidagi boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha majburiy badallar to’liq yig’ilishini ko’paytirish, amaldagi boshqaruv tuzilmalarini qisqartirish hamda pensiyalar va nafaqalar to’lashga yo’naltiriladigan mablag’lardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 15 noyabrdagi 444-son qaroriga muvofiq, 2001 yil 1 yanvardan boshlab O’zbekiston Respublikasi Ijtimoiy ta’minot vazirligi huzuridagi Pensiya jamg’armasi O’zbekiston Respublikasining byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga aylantirilgan. O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga pensiyalar, shuningdek ijtimoiy ta’minot bo’limlari tomonidan to’lanadigan nafaqalarni o’z vaqtida hisoblash va to’lash funksiyalari yuklatilgan.

O’zbekiston Respublikasi Hukumatining 2004 yil 21 oktyabrdagi 490-son qaroriga asosan, 2005 yil 1 yanvardan boshlab O’zbekiston Respublikasining byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg’armasiga aylantirilgan.

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida» O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda pensiya ta’minoti tizimining tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasidan o’z vaqtida moliyalashtirish hamda ularni to’liq hajmda to’lash, shuningdek, respublika fuqarolarining pensiya ta’minotiga yo’naltiriladigan mablag’lardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida, O’zbekiston Respublikasi prezidentining 2009 yil 30 dekabrdagi PF-4161-son Farmoniga muvofiq, 2010 yilning 1 yanvaridan boshlab pensiyalar, shuningdek, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya va boshqa to’lovlarni tayinlash, moliyalashtirish, ularning to’lanishini hisobga olish va monitoringini yuritish Pensiya jamg’armasining tegishli hududiy bo’linmalari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining hududiy bo’linmalari fuqarolarning pensiya ta’minoti va tibbiy-mehnat ekspertizasi masalalarining butun kompleksi uchun mas’ul bo’lgan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimiga kiruvchi funksiyalar hamda tegishli tuzilmalarni topshirish hisobiga tashkil etilgan.

Tez-tez beriladigan savollar