Ish beruvchining majburiyatlari

1. Pensioner ishga qabul qilinganda

Tashkilot rahbarlari pensioner ishga qabul qilinganligini (fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzilganligini), pensionerning yashash joyidagi Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limiga 5 kunlik muddatda xabar berishlari va ishga qabul qilinganlik to’g’risida buyruq ko’chirmasini (fuqarolik-huquqiy shartnomaning nusxasini) taqdim etishlari shart.

Tashkilot rahbari ishlovchi pensionerlarga pensiya to’lovlarini o’z vaqtida va to’g’ri to’lanishi, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi tuman (shahar) bo’limlariga pensioner ishga qabul qilinganligini (fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzilganligini) yoki pensioner bilan mehnat shartnomasi (fuqarolik-huquqiy shartnoma) bekor iilinganligi to’g’risidagi ma’lumotlarni o’z vaqtida va to’g’ri taqdim etilishiga javobgardir.

 

2. Mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligi oqibatida nogiron bo’lib qolganlarga pensiya to’lashga sarflanadigan xarajatlarni qoplash

 

Qonunchilikka asosan mulkchilik va xo’jalik yuritish shaklidan qat’i nazar korxonalar va tashkilotlar korxonaning aybi bilan mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi okibatida nogiron bo’lib qolganlarga pensiya to’lash xarajatlarini qoplash uchun mehnat haqiga mo’ljallangan mablag’lardan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg’armasiga (keyingi o’rinlarda byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi deb ataladi) pensiya to’langandan keyingi oyning 10-kunigacha to’lashlari lozim.

 

3. Qonunning 12-moddasi “b” – “j” bandlariga muvofiq pensiya to’lashga sarflanadigan harajatlarni qoplash

Mulkchilik va xo’jalik yuritish shaklidan kat’i nazar, korxonalar hamda tashkilotlar Qonun 12-moddasining “b” – “j” bandlariga muvofiq tayinlangan pensiyalarni to’lash uchun mehnat xaqi to’lashga mo’ljallangan mablag’lardan byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga harajatlarni qoplovchi pul o’tkazishlari lozim.

 

4. Ishsiz maqomiga ega bo’lgan shaxslarga muddatidan oldin to’lanadigan pensiyalar harajatlarini qoplash

Respublika aholisini ish bilan ta’minlashga ko’maklashish jamg’armasi organlari muddatidan oldin tayinlangan pensiyalarni to’lash harajatlarini qoplash uchun pensiya to’langan oydan keyingi oyning 10-kunigacha O’zbekiston Respublikasining byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga mablag’ o’tkazadilar. Ko’rsatib o’tilgan ajratmalarni to’lash ishsiz shaxs umumiy pensiya yoshiga etgungacha davom ettiriladi.

Tez-tez beriladigan savollar