Jamg’arma to’g’risida Nizom

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya

jamg’armasi to’g’risida

NIZOM

 

I. UMUMIY QOIDALAR

 

1. Ushbu Nizom O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining (keyingi o’rinlarda Jamg’arma deb ataladi) pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya to’lovlarini va boshqa to’lovlarni tayinlashni, moliyalashtirishni, hisobga olishni va ularning to’lanishi monitoringini olib borishni, ushbu maqsadlarga yo’naltiriladigan maqsadli moliyaviy resurslarni jamlashni, shuningdek tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari faoliyatini tashkil etishni amalga oshirish bo’yicha asosiy vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini belgilaydi.

2. Jamg’arma idoraviy jihatdan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga qarashli hamda o’z faoliyati to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o’rinbosari-Moliya vaziriga, Jamg’armaning Kuzatuv kengashi raisiga hisob beradi.

3. Jamg’arma o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstittsiyasiga, O’zbekiston Respublikasi qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.

4. Jamg’arma o’z ishlarini davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

5. Jamg’arma tizimiga:

  • jamg’armaning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boshqarmalari;
  • jamg’armaning tuman (shahar) bo’limlari;
  • Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi;
  • bosh, tuman, tumanlararo, shahar va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari kiradi.

Jamg’arma ijro etuvchi apparatining, uning hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo’limlari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi, tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari ta’minoti respublika byudjeti mablag’lari hisobiga amalga oshiriladi.

6. Jamg’arma hamda uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo’limlari yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga, O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga, shuningdek tegishli muhr va shtamplarga ega bo’ladi.

 

II. JAMG’ARMANING ASOSIY VAZIFALARI

VA FUNKSIYALARI

 

7. Quyidagilar Jamg’armaning asosiy vazifalari va funksiyalari hisoblanadi:

  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil etish, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni tayinlash, pensiyalar va boshqa to’lovlar miqdorlarining qayta hisoblab chiqilishini ta’minlash;
  • pensiyalar va boshqa to’lovlarni to’liq hajmda moliyalashtirish va to’lanishini tashkil etish, ular bo’yicha hisob va hisobotni yuritish;
  • tizimli asosda pensiyalar tayinlash va ularni qayta hisoblashning doimiy tahlilini o’tkazish va monitoringini olib borish, fuqarolarning pensiya ta’minotiga yo’naltiriladigan mablag’lardan qat’iy maqsadli foydalanilishini ta’minlash;
  • mehnatda mayib bo’lganlik yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga to’langan mablag’larni da’volar bo’yicha aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil etish;
  • tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari faoliyatini tashkil etish.

8. Jamg’arma o’ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) Jamg’armaning daromadlari bo’yicha:

jamg’arma mablag’lari bo’yicha majburiy to’lovlar, badallardan mablag’larni hamda boshqa to’lovlarni O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G’aznachiligidagi (keyingi o’rinlarda G’aznachilik deb yuritiladi) hisob raqamiga jamlaydi hamda pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya va boshqa to’lovlarga xarajatlarni moliyalashtirishni ta’minlaydi;

har yili manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Jamg’arma daromadlari tushumlar prognozini ishlab chiqadi;

davlat ijtimoiy sug’urtasi tizimining barqarorligini ta’minlash va uni yanada takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida Jamg’arma daromadlari va xarajatlarining o’rtacha va uzoq muddatli prognozlarini tayyorlaydi;

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq mehnatda mayib bo’lganlik yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga to’langan mablag’larni aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan regress da’volar bo’yicha belgilangan tartibda undirib oladi;

badallar va boshqa to’lovlar tushishi hisobini olib boradi, shuningdek yuridik shaxs bo’lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi shaxslarning hamda dehqon xo’jaliklari a’zolarining mehnat daftarchalarini belgilangan tartibda yuritadi va saqlaydi;

b) pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash hamda qayta hisoblab chiqish bo’yicha:

pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va qayta hisoblab chiqish uchun zarur bo’lgan taqdimnomalar, arizalar va boshqa hujjatlarni qabul qiladi, ularni qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtiradi;

pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun yuridik shaxslar va fuqarolar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni belgilangan tartibda tayyorlaydi, ko’rib chiqadi va tekshiradi;

jamg’armaning tuman (shahar) bo’limlarida pensiyalar tayinlash bo’yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etadi;

zarur tarzda rasmiylashtirgan hujjatlarga muvofiq va pensiyalar tayinlash bo’yicha komissiyalar qarorlari asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pensiyalarni tayinlaydi va ularni qayta hisoblab chiqadi;

pensionerlarning pensiya ishlarini va ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslarning ishlarini, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni rasmiylashtiradi, pensionerlarga pensiya guvohnomalari beradi;

pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar tayinlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;

tashkilotlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va dehqon xo’jaliklari a’zolari tomonidan taqdim etilgan pensiyalar, Davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqalar olish huquqini beradigan hujjatlarning ishonchliligini tekshiradi;

v) pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya va boshqa to’lovlarga xarajatlarni amalga oshirish bo’yicha:

pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni hisoblab chiqish bo’yicha opertsiyalarni amalga oshiradi, ishlamaydigan pensionerlarga aloqa tashkilotlari va banklar orqali, ishlaydigan pensionerlarga esa – tashkilotlar orqali pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar to’lash yuzasidan topshiriqlarni rasmiylashtiradi va beradi;

aloqa tashkilotlari, banklar tomonidan pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarning o’z vaqtida va to’g’ri etkazib berilishi hamda to’lanishi yuzasidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi;

yuridik shaxs bo’lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi shaxslarga, shuningdek dehqon xo’jaliklari a’zolariga - ular tomonidan ijtimoiy sug’urta bo’yicha badallar to’langan taqdirda, chaqaloq tug’ilganda beriladigan nafaqalar hisoblaydi va to’laydi;

tashkilotlarning ishlaydigan pensionerlarga pensiyalar, 16 yoshgacha bo’lgan nogiron bolaning ota-onalaridan biriga (vasiyga, homiyga) bir oyda qo’shimcha dam olish kuni uchun to’lov, CHernobil halokati oqibatida zarar ko’rgan fuqarolarga kompenstsiya to’lovlarini va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to’lovlarga xarajatlarini moliyalashtiradi;

g) fuqarolarning pensiya ta’minoti bilan bog’liq boshqa masalalar bo’yicha:

ommaviy axborot vositalari yordamida respublika aholisini fuqarolarning pensiya ta’minoti masalalari bo’yicha xabardor qiladi;

belgilangan tartibda tayinlangan shaxsiy pensiyalar to’lanishini tashkil etadi;

imtiyozli pensiya ta’minoti huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko’rsatkichlar ro’yxatlarini qo’llash masalalari bo’yicha davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari bilan o’zaro hamkorlik qiladi, imtiyozli pensiyalarni takomillashtirish va tartibga solish bo’yicha takliflar ishlab chiqilishini tashkil etadi;

fuqarolarning murojaatlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ko’rib chiqadi, fuqarolarni qabul qiladi;

«O’zbekiston pochtasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati va O’zbekiston Respublikasi Xalq bankining bo’linmalarida pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya to’lovlari hamda boshqa to’lovlarning to’liq va o’z vaqtida to’lanishi monitoringini olib boradi va tekshiradi;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi, fuqarolarning pensiya ta’minoti masalalari bo’yicha zamonaviy nazariy ishlanmalarni va xorijiy tajribani o’rganadi;

Jamg’armaning mablag’larini oluvchilar, pensiyalar hamda Davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqalar tayinlash va to’lash to’g’risidagi axborotni ishlab chiqishda qatnashadi va avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashni joriy etadi;

pensiya ta’minoti masalalari bo’yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlik qiladi;

Jamg’arma vakolatiga tegishli bo’lgan masalalar bo’yicha qonun hujjatlarini qo’llash amaliyotini umumlashtiradi;

pensiya ta’minoti masalalari va Jamg’armaning vakolatiga tegishli bo’lgan boshqa masalalar bo’yicha xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tadbirlarini amalga oshiradi;

d) Jamg’armaning vakolatiga kiradigan boshqa masalalar bo’yicha:

Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi, bosh, tumanlararo, tuman, shahar va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatiga rahbarlik qiladi;

Jamg’arma vakolatiga tegishli bo’lgan masalalar bo’yicha e’tiroz-da’vo ishlari olib borilishini tashkil etadi va amalga oshiradi.

9. Jamg’arma o’ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

Jamg’arma vakolatiga tegishli masalalar bo’yicha axborotni davlat organlari va boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda so’rash va olish;

o’z vakolatlari doirasida Jamg’armaning vazifalarini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni va metodik hujjatlarni ishlab chiqish;

majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar miqdorlarini belgilash, shuningdek pensiya ta’minotiga tegishli bo’lgan boshqa masalalar bo’yicha takliflar kiritish;

Jamg’arma vakolatiga kiradigan masalalar bo’yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Jamg’arma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

 

 

III. JAMG’ARMA DAROMADLARINI SHAKLLANTIRISH

MANBALARI VA TARTIBI

 

10. Jamg’arma daromadlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:

a) majburiy to’lovlar va badallar:

belgilangan miqdorlardagi yagona ijtimoiy to’lov tushumlari;

alohida yuridik shaxslarning ijtimoiy sug’urta badallari;

fuqarolarning sug’urta badallari;

jismoniy shaxslar ayrim toifalarining sug’urta badallari;

majburiy ajratmalar;

b) boshqa to’lovlar:

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq tayinlangan mehnatda mayib bo’lganlik yoki kasb kasalligi oqibatida nogiron bo’lganlarga pensiyalar to’lash xarajatlarini qoplash uchun regressiv talablar (da’volar) bo’yicha ish beruvchilar va fuqarolardan undiriladigan mablag’larning 85 foizi;

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq muddatidan oldin tayinlangan yoshga doir pensiyalarni to’lash xarajatlarini qoplash uchun o’tkaziladigan O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Bandlikka ko’maklashish jamg’armasi mablag’lari;

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasiga muvofiq tayinlangan imtiyozli pensiyalarni to’lash xarajatlarini qoplash hisobiga o’tkaziladigan yuridik shaxslar mablag’lari;

dehqon xo’jaliklari a’zolarining ixtiyoriy tartibda to’lanadigan sug’urta badallari;

hisoblangan jarimalar summasining bir qismi hamda majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar o’z vaqtida to’lanmaganligi uchun penyalar (qonun hujjatlariga muvofiq davlat soliq xizmati organlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy-texnik ta’minlash maxsus jamg’armasiga hamda Jamg’arma xodimlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy rag’batlantirish jamg’armasiga undiriladigan summalardan tashqari);

yuridik shaxs tugatilganda, qishloq xo’jaligi kooperativi (shirkati), fermer va dehqon xo’jaligi qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda mehnat vazifalarini bajarish bilan bog’liq holda mayib bo’lgan, kasb kasalligiga chalingan yoki sog’lig’iga boshqacha shikast etkazilgan xodimga etkazilgan zararni qoplash uchun to’lanadigan summalar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar, shu jumladan, Davlat byudjeti mablag’lari va ixtiyoriy badallar.

11. Majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarni o’tkazish Jamg’arma daromadlarining belgilangan tasniflariga muvofiq tushumlarning har bir turi bo’yicha Jamg’armaning banklardagi tegishli hisob raqamlari bo’yicha amalga oshiriladi.

12. O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi va davlat soliq xizmatining hududiy organlari:

manbalar turlari bo’yicha Jamg’armaga majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarning to’g’ri hisoblanishi, to’liqligi va o’z vaqtida to’lanishi nazorat qilinishini;

manbalar turlari va to’lovchilar bo’yicha Jamg’armaga majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar hisobi yuritilishini;

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Jamg’armaga majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar to’g’ri hisoblanishini, shuningdek Jamg’arma bilan o’zaro hisob-kitoblarning holati tekshirilishini;

qonun hujjatlariga muvofiq majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarni hisoblash tartibi va to’lash muddatlari buzilganligi uchun yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan moliyaviy va ma’muriy javobgarlik choralari qo’llanilishini;

badallarning shaxslar bo’yicha hisobini amalga oshirish va mehnat daftarchalarini yuritish uchun har chorakda Jamg’armaga yuridik shaxs bo’lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanadigan shaxslar va dehqon xo’jaliklari a’zolari tomonidan to’langan badallarning miqdorlari to’g’risidagi ma’lumotlar taqdim etilishini ta’minlaydi.

13. O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi Jamg’armaning ijro etuvchi apparatiga:

tushgan majburiy to’lovlar, badallar va to’lovlar to’g’risidagi, Jamg’armaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa to’lovlar turlari bo’yicha qarzlar to’g’risidagi tezkor hisobotni har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha;

majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarni hisoblash va to’lash to’g’risidagi hisobotni yuridik shaxslar tomonidan choraklik va yillik hisobot taqdim etilgandan keyin 15 kun mobaynida taqdim etadi.

 

 

IV. PENSIYALAR, IJTIMOIY NAFAQALAR,

KOMPENSATSIYA TO’LOVLARI VA BOSHQA

TO’LOVLARNI MOLIYALASHTIRISH TARTIBI

 

14. Jamg’arma mablag’lari:

a) ishlamaydigan fuqarolarga:

davlat pensiyalarining barcha turlari;

dafn marosimi uchun nafaqalar;

davlat pensiya ta’minotiga huquqi bo’lmagan keksa va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar;

qonun hujjatlariga muvofiq Jamg’arma mablag’laridan moliyalashtiriladigan kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni to’lash uchun;

b) ishlaydigan fuqarolarga:

davlat pensiyalarining barcha turlari;

dafn marosimi uchun nafaqalar;

16 yoshgacha bo’lgan nogiron bolaning ota-onalaridan biriga (vasiyga, homiyga) bir oyda qo’shimcha dam olish kuni uchun to’lovlar;

qonun hujjatlariga muvofiq Jamg’arma mablag’laridan moliyalashtiriladigan kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlar uchun sarflanadi.

15. Ishlamaydigan va ishlaydigan fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar va kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni moliyalashtirish uchun Jamg’armaning hududiy bo’linmalari tomonidan G’aznachilikning bo’linmalarida hisob raqamlari ochiladi.

16. Jamg’armaning hududiy boshqarmalari to’lov to’lanadigan har bir oyning 15-kunigacha ishlamaydigan va ishlaydigan fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlar to’lash uchun mablag’larga bo’lgan ehtiyoj hajmini belgilaydi hamda Jamg’armaning ijro etuvchi apparatiga buyurtmanoma taqdim etadi.

17. Jamg’armaning ijro etuvchi apparati Jamg’arma xarajatlarini O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda:

joriy to’lov oyining 15-kunigacha – o’tgan oyning ehtiyoji hisob-kitobidan kelib chiqib 50 foiz miqdoridagi summani;

joriy to’lov oyining 27-kunigacha – amaldagi ehtiyojning taqdim etilgan miqdoridan qolgan summani moliyalashtiradi.

 

18. Jamg’armaning tuman (shahar) bo’limlari pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya va boshqa to’lovlar uchun mablag’larni aloqa tashkilotlari va banklarning hisob raqamlariga o’tkazadi.

Jamg’armaning tuman (shahar) bo’limlari tashkilotlarning buyurtmanomalari bo’yicha ishlaydigan pensionerlarga pensiyalar, dafn marosimi uchun nafaqalar, 16 yoshgacha bo’lgan nogiron bolalarning ota-onalaridan biriga qo’shimcha dam olish kunlari uchun va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to’lovlarni to’lashga mablag’larni moliyalashtiradi.

19. Jamg’armaning hisob raqamlaridan mablag’larni qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan maqsadlarda o’tkazish va vaqtincha olib qo’yish taqiqlanadi.

 

 

V. JAMG’ARMA DAROMADLARI VA XARAJATLARI

PROGNOZINI SHAKLLANTIRISH

 

20. Jamg’armaning hududiy boshqarmalari har yili 15 iyundan kechikmay Jamg’armaning ijro etuvchi apparatiga joriy yil uchun xarajatlarning kutilayotgan ijrosini va kelgusi yilga Jamg’arma xarajatlari prognozini taqdim etadi.

21. Kelgusi yilga manbalar va foydalanish yo’nalishlari bo’yicha Jamg’armaning daromadlari va xarajatlari prognozlari Jamg’armaning ijro etuvchi apparati tomonidan ishlab chiqiladi va Jamg’armaning Kuzatuv kengashiga ko’rib chiqish uchun kiritiladi.

22. O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti belgilangan tartibda qabul qilingandan va kelgusi yilga uning asosiy parametrlari tasdiqlangandan keyin Jamg’armaning ijro etuvchi apparati besh kun muddatda:

O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasiga - mintaqalar bo’yicha kelgusi yilga Jamg’arma daromadlarining tasdiqlangan asosiy parametrlarini;

Jamg’armaning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo’limlariga - turlar va mintaqalar bo’yicha kelgusi yilga Jamg’arma xarajatlarining tasdiqlangan asosiy parametrlarini (yo’nalishlarini) etkazadi.

23. Jamg’arma daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan ko’rsatkichlarini bajarish:

yuridik va jismoniy shaxslardan majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlar tushishining va yig’ilishining to’liqligi yuzasidan - davlat soliq xizmati organlari tomonidan;

Jamg’arma mablag’larini belgilangan tartibda o’z vaqtida va to’liq moliyalashtirish, o’z vaqtida tayinlash, to’lash va manzilli ravishda sarflash, shuningdek Jamg’arma mablag’laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish yuzasidan - Jamg’armaning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo’limlari tomonidan ta’minlanadi.

24. Jamg’armaning hududiy boshqarmalari Jamg’armaning ijro etuvchi apparatiga:

har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha - hududlar bo’yicha to’langan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlar to’g’risidagi tezkor axborotni;

tasdiqlangan shakl bo’yicha yuridik shaxslarning choraklik va yillik hisobotlari taqdim etilgandan keyin 15 kun mobaynida – mablag’lardan foydalanish to’g’risidagi hisobotni taqdim etadi.

 

 

VI. JAMG’ARMANI BOSHQARISH

 

25. Jamg’armaning Kuzatuv kengashi Jamg’armani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi, uning tarkibi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi. Jamg’arma Kuzatuv kengashining majlislari yil choragida kamida bir marta o’tkaziladi. Jamg’armaning ijro etuvchi apparati Kuzatuv kengashining ishchi organi hisoblanadi.

Majlisni Kuzatuv kengashi raisi, u bo’lmaganda esa - raisning o’rinbosari o’tkazadi. Kuzatuv kengashi majlisi, agar unda kengash a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashsa huquqiy vakolatli bo’ladi (kvorumga ega bo’ladi).

Kuzatuv kengashining qarori uning majlisda qatnashgan a’zolarining oddiy ko’pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo’lgan taqdirda Kuzatuv kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.

26. Jamg’armaning Kuzatuv kengashi vakolatlariga quyidagilar tegishli bo’ladi:

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Jamg’armaning daromadlari va xarajatlari prognoz parametrlarini, shuningdek Jamg’arma xarajatlarining har yilgi smetasini ko’rib chiqish va tasdiqlash;

Jamg’arma ijro etuvchi apparati, hududiy boshqarmalarining amalga oshiriladigan ishlar to’g’risidagi hisobotlarini eshitish va tasdiqlash;

vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi, tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari va boshqa tashkilotlar mas’ul xodimlarining Jamg’arma vakolatiga tegishli bo’lgan masalalar bo’yicha hisobotlarini eshitish;

O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasining Jamg’armaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa to’lovlarning to’liq va o’z vaqtida to’lanishini ta’minlash to’g’risidagi axborotini eshitish;

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Jamg’armaning ijro etuvchi direktorini, uning o’rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish to’g’risida taqdimnoma kiritish;

Jamg’armaning hududiy boshqarmalari to’g’risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash;

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining Pensiyalar tayinlash bo’yicha tuman (shahar) bo’limi komissiyalari to’g’risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash;

Jamg’armaning ijro etuvchi apparati faoliyatini, ayniqsa Jamg’arma daromadlarini shakllantirish, uni o’z vaqtida moliyalashtirish va undan maqsadli foydalanish yuzasidan nazorat qilish;

topshiriqlar, vedomostlar va pochta o’tkazmalari bo’yicha to’lanadigan pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar jo’natilishi va etkazib berilishi bo’yicha xizmatlarga haq to’lash miqdorlarini tasdiqlash;

Jamg’arma faoliyati hamda fuqarolarning ijtimoiy ta’minotga va davlat ijtimoiy sug’urtasiga bo’lgan davlat tomonidan kafolatlangan huquqlari amalga oshirilishi bilan bog’liq boshqa funksiyalarni amalga oshirish.

 

VII. JAMG’ARMA FAOLIYATINI TASHKIL ETISH

 

27. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining ijro etuvchi apparati tuzilmasi, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo’limlarining namunaviy tuzilmalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari bilan tasdiqlanadi.

 

28. Jamg’armaning ijro etuvchi apparatiga Jamg’arma Kuzatuv kengashining taqdimnomasi bo’yicha, belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan ijro etuvchi direktor boshchilik qiladi. Ijro etuvchi direktor Jamg’armaga yuklangan vazifalarning bajarilishi va o’z funksiyalarining amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi.

Jamg’arma ijro etuvchi direktorining birinchi o’rinbosari va o’rinbosari Jamg’arma Kuzatuvchi kengashining taqdimnomasi bo’yicha, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadi.

29. Jamg’armaning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari Jamg’arma ijro etuvchi direktorining taqdimnomasiga binoan Jamg’armaning Kuzatuvchi kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.

Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig’i O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni bilan kelishgan holda O’zbekiston Respublikasi moliya vaziri qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig’ining o’rinbosari, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari raislari O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining ijro etuvchi direktori taqdimnomasiga binoan O’zbekiston Respublikasi Moliya vaziri qarori bilan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.

30. Jamg’armaning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boshqarmalari boshliqlarining o’rinbosarlari, Jamg’armaning tuman (shahar) bo’limlari boshliqlari Jamg’armaning tegishli hududiy boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasi bo’yicha Jamg’armaning ijro etuvchi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

31. Tumanlararo, tuman (shahar) va ixtisoslashtirilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari rahbarlari Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig’ining taqdimnomasi bo’yicha Jamg’arma ijro etuvchi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi.

32. Jamg’armaning ijro etuvchi apparati, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo’limlari yagona markazlashtirilgan tizimni tashkil etadi hamda quyi boshliqlarning yuqori boshliqlarga hamda Jamg’arma Kuzatuv kengashining raisiga bo’ysunishi va hisob berishi asosida ishlaydi.

33. Jamg’armaning ijro etuvchi direktori:

Jamg’arma faoliyatiga rahbarlik qiladi;

o’z vakolatlari doirasida ijro etuvchi direktorning o’rinbosarlari hamda hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) bo’limlari rahbarlari, shuningdek Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari rahbarlari o’rtasida lavozim vazifalarini taqsimlaydi;

o’z vakolatlari doirasida hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) bo’limlari rahbarlari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan buyruqlar, yo’riqnomalar chiqaradi va ko’rsatmalar beradi;

belgilangan mehnatga haq to’lash fondi va xodimlarning soni doirasida ijro etuvchi apparatning shtatlar jadvaliga o’zgartirishlar kiritadi va uni tasdiqlaydi, Jamg’armaning tarkibiy boshqarmalari to’g’risidagi nizomni tasdiqlaydi;

Jamg’armaning ijro etuvchi apparati xodimlarini, Jamg’armaning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boshqarmalarining boshliqlari o’rinbosarlarini, Jamg’armaning tuman (shahar) bo’limlari boshliqlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;

tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari faoliyatiga rahbarlik qiladi;

O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishgan holda Moliya vazirligiga TMEKni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish bo’yicha takliflar kiritadi;

pul mablag’lari va moddiy boyliklarning buxgalteriya hisobi yuritilishini, statistika va buxgalteriya hisobotlari tuzilishini va belgilangan tartibda taqdim etilishini tashkil qiladi;

Jamg’armaning vaqtincha bo’sh mablag’larini tijorat banklaridagi depozitlarga va boshqa moliyaviy vositalarga joylashtiradi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalar va vakolatlarni amalga oshiradi.

34. Jamg’arma Jamg’arma xodimlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy rag’batlantirish jamg’armasini quyidagi manbalar hisobiga shakllantiradi:

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq tayinlangan mehnatda mayib bo’lganlik yoki kasb kasalligi oqibatida nogiron bo’lganlarga pensiyalar to’lash xarajatlarini qoplash uchun regressiv talablar (da’volar) bo’yicha ish beruvchilar va fuqarolardan undiriladigan mablag’larning 15 foizi;

majburiy ajratmalar, badallar va Jamg’armaga boshqa to’lovlarning o’z vaqtida to’lanmaganligi uchun hisoblangan jarimalar, penyalar summasining 5 foizi.

Ijtimoiy rivojlantirish va moddiy rag’batlantirish jamg’armasi, shuningdek Jamg’arma mablag’larini sarflash tartibi to’g’risidagi nizom Jamg’armaning Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

 

VIII. JAMG’ARMA MABLAG’LARINING

SHAKLLANTIRILISHI VA SARFLANISHI

HISOBI YURITILISHI UCHUN JAVOBGARLIK

 

35. Jamg’armaning ijro etuvchi apparati, hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo’limlari pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni to’lash uchun nazarda tutilgan Jamg’arma mablag’larining o’z vaqtida va to’liq moliyalashtirilishi, Jamg’arma mablag’laridan qat’iy maqsadli foydalanilishi uchun javobgardir.

36. Pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni to’laydigan tashkilotlar Jamg’arma mablag’larining o’z vaqtida va maqsadli to’lanishi uchun javobgardir.

37. Jamg’armaning ijro etuvchi apparati O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga belgilangan muddatlarda davriy buxgalteriya hisobotlarini taqdim etadi.

38. Jamg’armaga muddatida to’lanmagan majburiy to’lovlar, badallar va boshqa to’lovlarni undirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

IX. JAMG’ARMA MABLAG’LARINING

TO’G’RI HISOBLANISHI, TO’LANISHI

VA SARFLANISHINI NAZORAT QILISH

 

39. Pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni to’lashda Jamg’arma mablag’laridan to’g’ri foydalanilishini nazorat qilish Jamg’armaning ijro etuvchi apparati va uning hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo’limlari, shuningdek tashkilotlarning rahbarlari va bosh buxgalterlari tomonidan amalga oshiriladi.

40. Pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar va kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarning to’g’ri tayinlanishi va to’lanishini, shuningdek Jamg’arma mablag’laridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning mahalliy organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Zarurat bo’lganda, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi organlari tomonidan, mustaqil ekspertlar jalb qilingan holda bosh, tumanlararo, tuman va shahar tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan berilgan ko’rikdan o’tkazish dalolatnomalari va xulosalar hujjatlari takroran ekspertizadan o’tkazilishi mumkin.

41. Pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompenstsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni to’lash bo’yicha xarajatlarning, shuningdek tashkilotlarning ijtimoiy sug’urta bo’yicha xarajatlarining o’z vaqtida moliyalashtirilishi yuzasidan monitoring olib borish Jamg’armaning ijro etuvchi apparati va uning hududiy boshqarmalari hamda joylardagi tuman (shahar) bo’limlari tomonidan amalga oshiriladi.

Tez-tez beriladigan savollar