Fuqarolarning murojaat qilish tartibi

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat etish huquqiga ega.

Fuqarolarning murojaatlari og’zaki yoki yozma shaklda kiritiladi. Fuqarolarning og’zaki va yozma murojaatlari bir xil ahamiyatga ega.

Fuqarolarning murojaatlari yakka tartibda yoki jamoa tomonidan berilishi mumkin.

Fuqarolarning murojaatlari ariza, taklif yoki shikoyat ko’rinishida bo’lishi mumkin.

Ariza fuqarolarning o’z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro’yobga chiqarishda yordam ko’rsatish to’g’risidagi iltimosi bayon etilgan murojaatidir.

Taklif fuqarolarning davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarini o’z ichiga olgan murojaatidir.

Shikoyat fuqarolarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklash to’g’risidagi talabi bayon etilgan murojaatidir.

Murojaatlarda fuqaroning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to’g’risidagi ma’lumotlar ko’rsatilgan, ariza, taklif yoki shikoyatning mohiyati bayon etilgan bo’lishi kerak.

Yоzma murojaatlarda murojaat etuvchining imzosi bo’lishi lozim. Murojaatga shaxsiy imzo qo’yish imkoni bo’lmagan taqdirda, bu murojaatlar uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi, ismi, otasining ismi ham yozib qo’yiladi.

Fuqaroning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to’g’risidagi ma’lumotlar ko’rsatilmagan yoki u haqda soxta ma’lumotlar ko’rsatilgan, shuningdek imzo qo’yilmagan yozma murojaatlar anonim deb hisoblanadi va ko’rib chiqilmaydi.

Fuqarolarni qabul qilish, fuiarolarni qabul qilish uchun mas’ul mansabdor shaxslar tomonilan amalga oshiriladi.

Fuqarolar qabuli dushanba-juma kunlari 10-00dan 16-00 ga qadar amalga oshiriladi.

Fuqaro og’zaki murojaat etayotganda o’z shaxsini tasdiqlovchi hujjat ko’rsatishi kerak.

Fuqaroni qabul qilish, agar uning bir necha bor qilgan murojaati asossiz, qonunga xilof xususiyatda bo’lsa yoki uning murojaati bo’yicha qaror qabul qilib bo’lingan bo’lsa, rad etilishi mumkin.

Fuqarolarning murojaat etish huquqi ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Hech kim biron bir murojaatni himoya etishga yoki unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.

Fuqarolar murojaat etish huquqidan foydalanayotganda ularni jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab kamsitish taqiqlanadi.

Fuqaro uning murojaatini qabul qilish va ko’rib chiqish asossiz ravishda rad etilganligi ustidan bo’ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat berishga haqli.

Fuqarolarning murojaatlarini ko’rib chiqishda fuqarolarning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek davlat siri yoxud qonun bilan qo’riqlanadigan boshqa sir hisoblangan ma’lumotlar va, agar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo’lsa, boshqa axborotlar davlat organlari xodimlari tomonidan oshkor etilishiga yo’l qo’yilmaydi.

Murojaatga taalluqli bo’lmagan, fuqaroning shaxsiga doir ma’lumotlarni surishtirib bilishga yo’l qo’yilmaydi.

Fuqaroning iltimosiga binoan uning shaxsiga doir biron bir ma’lumot oshkor etilmasligi kerak.

Fuqarolarni hamda ularning oila a’zolarini o’z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro’yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga murojaat etganliklari uchun ta’qib qilish man etiladi.

Fuqarolarning ariza, taklif va shikoyatlari ularda qo’yilgan masalalarni hal etish vakolat doirasiga kiradigan davlat organiga bevosita yoki bo’ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.

Fuqaro ariza, taklif va shikoyatni shaxsan berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni o’z vakiliga berishga yoki murojaatini aloqa vositalari orqali yuborishga haqli. Voyaga etmaganlar hamda muomalaga layoqatsiz shaxslar manfaatlarini ko’zlab ariza, taklif va shikoyat ularning vakillari tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.

Ariza, taklif va shikoyatga ular yuzasidan ilgari qabul qilingan, fuqarodagi mavjud qarorlar (yoki ularning nusxalari), shuningdek ariza, taklif va shikoyatni ko’rib chiqish uchun zarur bo’lgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin.

Bo’ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki shikoyat fuqaroga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakatlar (harakatsizlik) sodir etilganligi yoki qarorlar qabul qilinganligi ma’lum bo’lib qolgan paytdan e’tiboran uzog’i bilan bir yil ichida berilishi mumkin. Uzrli sabablarga ko’ra o’tkazib yuborilgan muddat ariza yoki shikoyatni ko’rib chiquvchi davlat organi tomonidan tiklanadi.

Murojaat davlat organlari tomonidan ko’rib chiqilayotganda fuqaro murojaatning ko’rib chiqilishi jarayoni haqida axborot olish, vajlarini shaxsan bayon etish va izohlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda ko’rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo’shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so’rab olish to’g’risida iltimos qilish, advokat yoki o’z vakili xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.

Murojaatni ko’rib chiqayotgan davlat organlarining mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashlari shart.

Tez-tez beriladigan savollar