Pensiyalarni to’xtatilishi (to’xtatib turilishi)

 

Tayinlangan pensiyani to’lash:

  • pensioner vafot etganda;
  • tayinlangan pensiyaga huquqlar yo’qolganda;
  • doimiy yashash uchun O’zbekiston Respublikasi tashqarisiga chiqib ketilganda to’xtatiladi.

Tayinlangan pensiyani to’lash:

  • pensiya to’lash muddati tamom bo’lganda;
  • ketma-ket uch oydan ortiq vaqt mobaynida pochta aloqasi tashkiloti orqali pensiya olinmaganda;
  • pensioner ozodlikdan mahrum etilganda;
  • pensioner ruhiy bemorlar internat uylarida yashaganda;
  • pensiyani to’lashni to’xtatib turish to’g’risida pensioner tomonidan ariza berilganda to’xtatib turiladi.

Tayinlangan pensiyani to’lash qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda ham to’xtatib turilishi mumkin.


Pensionerning sud hukmi bo’yicha qamoq joylarida bo’lgan vaqti uchun pensiya to’lanmaydi. Pensioner ozod bo’lgandan keyin pensiyani to’lash Pensiya jamg’armasi bo’limiga ariza berilgan kundan boshlab tiklanadi.


Agar nogiron tayinlangan muddatda qayta tibbiy ko’rikdan o’tish uchun TMEKga uzrli sabablarsiz kelmasa, unga pensiya to’lash to’xtatib turiladi, u yana nogiron deb e’tirof etilgan taqdirda to’xtatib turilgan kundan boshlab, biroq bir oydan ortiq muddatga tiklanadi.


Uzrli sababga ko’ra qayta tibbiy ko’rikdan o’tish muddati o’tkazib yuborilgan taqdirda, pensiyani to’lash to’lov to’xtatib turilgan kundan boshlab qayta tekshirish kunigacha, biroq, agar TMEK uni bu davrda nogiron deb e’tirof etsa, 3 yildan ortiq bo’lmagan muddatga amalga oshiriladi. Bunda agar qayta tekshirish chog’ida nogiron nogironlikning boshqa guruhiga (yuqoriroq yoki pastroq guruhga) o’tkazilgan bo’lsa, u holda ko’rsatib o’tilgan vaqt uchun pensiya oldingi guruh bo’yicha to’lanadi.


Agar umumiy kasallik oqibatida mehnat layoqatini yo’qotgan nogironga pensiya to’lash mehnat layoqati tiklanganligi tufayli to’xtatilgan bo’lsa yoki uzrli sabablarsiz qayta tibbiy ko’rikdan o’tishga kelmaganligi oqibatida to’xtatib turilgan bo’lsa, u holda keyinchalik u nogiron deb e’tirof etilgan taqdirda ilgari tayinlangan pensiyani to’lash, agar pensiya to’lash to’xtatilgandan keyin besh yildan ko’p bo’lmagan vaqt o’tgan bo’lsa, nogironlik yangidan belgilangan kundan boshlab tiklanadi. Agar besh yildan ko’p vaqt o’tgan bo’lsa, pensiya yana umumiy asoslarda tiklanadi.


Pensiya to’lash to’xtatilishiga (to’xtatib turilishiga) yoki tiklanishiga olib keladigan holatlar paydo bo’lganda pensiyani to’lash tegishli holat boshlangan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab to’xtatiladi (to’xtatib turiladi) yoki tiklanadi.


Pensionerga berilishi kerak bo’lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya summasi meros tarkibiga kiritilmaydi va boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslar doirasiga tegishli oila a’zolariga to’lanadi. Ota-onalar, eri (xotini), shuningdek pensioner vafot etgan kunda u bilan birga yashagan oila a’zolari, agar ular boquvchisini yo’qotganlik bo’yicha pensiyasi bilan ta’minlanadiganlar doirasiga kirmagan taqdirda ham ushbu summalarni olish huquqiga ega.


Pensioner vafot etgan oy uchun olingan pensiya summasi oilaning ko’rsatib o’tilgan a’zolariga uning vafotigacha ushbu oyning kunlari uchun to’lanadi.


Oilaning bir necha a’zolari murojaat qilgan taqdirda, ularga berilishi kerak bo’lgan pensiya summasi ular o’rtasida teng taqsimlanadi.

 

 

 

Tez-tez beriladigan savollar