Pensiyalarni tayinlash muddatlari

Fuqarolar pensiya olish huquqi paydo bo’lganidan so’ng istalgan paytda pensiya tayinlashni so’rab murojaat etishlari mumkin.

Taqdimnoma yoki ariza barcha zarur hujjatlar bilan qabul qilib olingan kun pensiya uchun murojaat etilgan kun deb hisoblanadi.

Taqdimnomaga yoki arizaga barcha zarur hujjatlar ilova qilinmagan hollarda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi bo’limi korxona, tashkilot ma’muriyatiga yoki arizachiga qo’shimcha ravishda qaysi hujjatlar taqdim etilishi kerakligi haqida xabar qiladi. Basharti, ular qo’shimcha hujjatlar taqdim etilishi zarurligi haqidagi xabarnoma olingan kundan e’tiboran uch oy ichida taqdim etilsa, unda pensiya tayinlanishi to’g’risidagi taqdimnoma yoki ariza qabul qilingan kun pensiya tayinlanishi uchun murojaat etilgan kun deb hisoblanadi.

Pensiyalar:

a) yoshga doir pensiya-agar pensiya olish huquqi paydo bo’lgan kundan boshlab uch oy ichida uni so’rab murojaat etilgan bo’lsa, pensiya yoshiga to’lgan kundan e’tiboran tayinlanadi. Ushbu pensiya umrbod tayinlanadi;

b) nogironlik pensiyasi-agar nogironlik belgilangan kundan boshlab uch oy ichida pensiya so’rab murojaat etilgan bo’lsa, TMEK nogironlikni belgilagan kundan e’tiboran tayinlanadi. Ushbu pensiya butun nogironlik davri uchun tayinlanadi. 60 yoshdan oshgan erkak va 55 yoshdan oshgan ayol nogironlarga-nogironlik pensiyalari umrbod tayinlanadi. Ana shu nogironlarni qayta tibbiy ko’rikdan o’tkazish faqat ularning arizasiga binoan amalga oshiriladi;

v) boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi-pensiya olish huquqi paydo bo’lgan kundan boshlab, lekin pensiya tayinlanishi uchun murojaat etishdan oldingi 6 oydan oshmagan muddatdan e’tiboran tayinlanadi. Pensiya ushbu Qonunning 19-moddasiga muvofiq marhumning oila a’zosi mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblangan butun davr uchun, oilaning: erkaklar-60 yoshga, ayollar-55 yoshga to’lgan a’zolari uchun esa-umrbod tayinlanadi.

Boshqa barcha hollarda pensiya murojaat etilgan kundan e’tiboran tayinlanadi.

Bir pensiyadan boshqasiga o’tkazish pensioner tegishli ariza va barcha zarur hujjatlar bilan murojaat etgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan e’tiboran amalga oshiriladi.

Tez-tez beriladigan savollar