Pensiyalarni to’lash

 

Ishlamaydigan pensionerlarga pensiya yashash joyi bo’yicha Pensiya jamg’armasi bo’limlari tomonidan “O’zbekiston pochtasi” OAJning pochta aloqasi ob’ektlari, operatorlari va provayderlari orqali (keyingi o’rinlarda pochtaning tarkibiy bo’linmalari deb ataladi) yoki pensionerning xohishiga ko’ra pul mablag’larini fuqarolarning depozit hisob raqamlariga naqd pulsiz o’tkazish yo’li bilan tijorat bankining filiali orqali to’lanadi.

Tijorat bankining filiali orqali pensiya oladigan pensioner har 6 oyda pensiya to’laydigan Pensiya jamg’armasi bo’limiga kelish yo’li bilan o’zining pensiya summasini olish huquqini tasdiqlashi zarur.

Pensioner belgilangan muddatda Pensiya jamg’armasi bo’limiga kelmagan taqdirda, Pensiya jamg’armasi bo’limi xodimlari o’n kun mobaynida:

  • uning tirik ekanligi;
  • ishga joylashganligi;
  • yashash joyi o’zgarganligi yoki chet elga ketganligi;
  • jazoni o’tash joylarida ekanligi;
  • keksalar va nogironlarning internat uylarida (pansionatlarida) yashayotganligi holatlarini aniqlash uchun pensioner yashaydigan joyga boradilar.

Olinadigan pensiyaga pensionerning huquqi tasdiqlangan taqdirda pensiyani to’lash navbatdagi 6 oyga davom ettiriladi.

Pensionerning huquqlari tasdiqlanmagan taqdirda, pensiyani to’lash fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish tegishli organi vakillari va qo’shnilar ishtirokida Pensiya jamg’armasi bo’limi xodimlari tomonidan tuzilgan to’lanayotgan pensiyani to’lashga va uning miqdori asoslanganligiga ta’sir ko’rsatuvchi holatni tasdiqlaydigan dalolatnoma asosida to’xtatib turiladi.

Ko’rsatib o’tilgan dalolatnoma asosida Pensiya jamg’armasi bo’limi pensiyani to’lashni to’xtatib turish (to’xtatish) yoki uning miqdorini o’zgartirish to’g’risida tegishli qaror qabul qiladi.

Faxriy unvon uchun pensiyaga qo’shimcha to’lov olish huquqi paydo bo’lgan taqdirda, pensioner faxriy unvon uchun qo’shimcha to’lovni olish uchun pensiya to’laydigan Pensiya jamg’armasi bo’limiga ariza beradi.

Arizaga faxriy unvon berish to’g’risidagi guvohnoma ilova qilinishi kerak.

Faxriy unvonlar uchun pensiyaga qo’shimcha to’lovlar faxriy unvon berilganligi to’g’risidagi guvohnomaning nusxasi ilova qilingan holda ariza berilgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi.

Ishlab turgan pensionerlarga faxriy unvonlar uchun qo’shimcha to’lov ish haqi to’lash bilan bir vaqtda ish joyi bo’yicha amalga oshiriladi.

Pensionerning doimiy propiskasi bo’lmasa va u faqat vaqtincha propiska qilingan bo’lsa (Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida kelgan joyi bo’yicha hisobga olinmagan bo’lsa), pensiya vaqtinchalik propiska (Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida kelgan joyi bo’yicha hisobga olish)ning amal qiladigan muddati mobaynida to’lanadi. O’zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan xorijiy fuqaroga yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxsga pensiya yashash hujjati amal qiladigan muddat davomida to’lanadi.

Qariyalar va nogironlarning internat uylarida (pansionatlarida) yashovchi yolg’iz pensionerlarga pensiya bilan ular ta’minoti uchun sarf-xarajat o’rtasidagi farq, biroq tayinlangan pensiyaning kamida 10 foizi va urush nogironlariga esa - kamida 20 foizi to’lanadi. Ruhiy bemorlar internat uylarida yashovchi pensionerlarga pensiya to’lanmaydi.

Pensioner ruhiy bemorlar uchun davolash muassasalarida bo’lgan vaqt uchun pensiya qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma bo’yicha to’lanadi.

Pensioner tomonidan o’z vaqtida talab qilib olinmagan pensiyaning hisoblangan summasi o’tgan vaqt uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq pensiyalar miqdorlari oshirilishi hisobga olingan holda to’lanadi, biroq pensiya olish uchun murojaat qilishdan oldingi o’n ikki oydan ortiq vaqt uchun emas.

Pensiya jamg’armasi bo’limining aybi bilan o’z vaqtida olinmagan pensiya summasi o’tgan vaqt uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq pensiyalar miqdorlari oshirilishi hisobga olingan holda, muddat cheklanmasdan to’lanadi.

Pensionerga berilishi kerak bo’lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya summasi meros tarkibiga kiritilmaydi va boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslar doirasiga tegishli oila a’zolariga to’lanadi. Ota-onalar, eri (xotini), shuningdek pensioner vafot etgan kunda u bilan birga yashagan oila a’zolari, agar ular boquvchisini yo’qotganlik bo’yicha pensiyasi bilan ta’minlanadiganlar doirasiga kirmagan taqdirda ham ushbu summalarni olish huquqiga ega.

Pensioner vafot etgan oy uchun olingan pensiya summasi oilaning ko’rsatib o’tilgan a’zolariga uning vafotigacha ushbu oyning kunlari uchun to’lanadi.

Oilaning bir necha a’zolari murojaat qilgan taqdirda, ularga berilishi kerak bo’lgan pensiya summasi ular o’rtasida teng taqsimlanadi.

Ko’rsatib o’tilgan summa, uning uchun pensioner vafot etgandan so’ng 6 oydan kechikmay murojaat qilingan taqdirda to’lanadi.

Agar ishlab turgan pensioner ishdan bo’shashi munosabati bilan o’z ish joyi bo’yicha pensiya summasini olishga ulgurmasa, olinmagan pensiya summasi qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda Pensiya jamg’armasi bo’limi tomonidan to’lanadi.

 

Pensiyalarni ishonchnoma orqali to’lash:

 

Pensiya to’lash qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bo’yicha amalga oshirilishi mumkin.

Bunda ishonchnoma bergan shaxs pensiya to’laydigan Pensiya jamg’armasi bo’limiga bir yilda kamida bir marta kelib tayinlangan pensiyaga bo’lgan o’z huquqini tasdiqlashi kerak. Ishonchli vakil pensiya to’lashga ta’sir etishi mumkin bo’lgan, o’ziga ma’lum barcha holatlar to’g’risida Pensiya jamg’armasi bo’limiga xabar berishi shart.

Ishonchnoma pochtaning tegishli tarkibiy bo’linmasida saqlanadi. Bunda pochtaning tegishli bo’linmasi ishonch bildirilgan shaxs tomonidan ishonchnoma taqdim etilgan sanadan boshlab o’n kun muddatda Pensiya jamg’armasining tegishli bo’limiga pochta tarkibiy bo’linmasining asosiy muhri va rahbarning imzosi bilan tasdiqlangan ishonchnoma nusxasini yuborishi shart.

Yuqorida ko’rsatib o’tilgan holatlar boshlanganligi to’g’risida Pensiya jamg’armasi bo’limiga o’z vaqtida xabar berilmasligi munosabati bilan pensiyaning noqonuniy summasi pensioner yoki qonuniy vakil (ota-ona), shuningdek ishonch bildirilgan (pensionerning vafoti holati qasddan yashirilgan taqdirda) tomonidan qaytarilishi kerak.

Tez-tez beriladigan savollar