O’zbekiston Respublikasining Kodekslari va qonunlari

O’zbekiston Respublikasining

«Fuqarolarning jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti to’g’risida»

2004 yil 2 dekabrdagi 702-II son Qonuni

 

I. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi fuqarolarning jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Fuqarolarning jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti to’g’risidagi qonun hujjatlari

Fuqarolarning jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O’zbekiston Respublikasining fuqarolarning jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti to’g’risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo’llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:

jamg’arib boriladigan ixtiyoriy pensiya badallari - shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’iga ixtiyoriylik asosida kiritiladigan pul mablag’lari;

jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallari - shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’iga majburiy tartibda kiritiladigan pul mablag’lari;

jamg’arib boriladigan pensiya badallarini kirituvchi (badal kirituvchi) - jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini oluvchining foydasiga badallar kiritayotgan jismoniy shaxs yoki ish beruvchi yuridik shaxs (bundan buyon matnda ish beruvchi deb yuritiladi);

jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti - fuqarolarni shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag’lardan davlat pensiyasiga qo’shimcha ravishda pul mablag’lari bilan ta’minlash;

shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’i - fuqaroning Xalq bankidagi egasi yozilgan shaxsiy hisobvarag’i bo’lib, badal kirituvchilarning jamg’arib boriladigan pensiya badallari va shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’idagi mablag’larga hisoblab qo’shilgan foizlar ana shu hisobvaraqqa kelib tushadi hamda unda hisobga olinadi.

4-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti olish huquqi

O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek O’zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti olish huquqiga ega.

5-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti bo’yicha davlat kafolatlari

Davlat jamg’arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etuvchi fuqarolarga shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida jamg’arilgan mablag’lari saqlanishi hamda to’lanishini kafolatlaydi.

II. Jamg’arib boriladigan pensiya tizimini tashkil etish

6-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etish

Ish beruvchilarning, shuningdek mehnat faoliyatini mehnat shartnomasi asosida amalga oshiruvchi fuqarolarning jamg’arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etishi, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo’lsa, majburiydir.

YAkka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi dehqon xo’jaliklarining a’zolari, shuningdek boshqa fuqarolar jamg’arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etadilar.

7-modda. Fuqarolarni jamg’arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olish

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimida majburiy tartibda ishtirok etuvchi fuqarolarni hisobga olish ish beruvchining talabnomasiga muvofiq mazkur fuqarolarning asosiy ish joyidagi Xalq banki filialida amalga oshiriladi.

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etuvchi fuqarolarni hisobga olish ularning arizasiga muvofiq mazkur fuqarolarning yashash joyidagi Xalq banki filialida amalga oshiriladi.

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olish quyidagilarni o’z ichiga oladi:

shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari ochish;

jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasini berish.

Xalq banki jamg’arib boriladigan pensiya tizimida fuqarolarning shaxsiy hisobini O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda yuritadi.

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimida fuqarolarning shaxsiy hisobini yuritishga doir hamda shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga taalluqli ma’lumotlar Xalq bankining yagona ma’lumotlar elektron bazasida shakllantiriladi va saqlanadi.

8-modda. SHaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari ochish

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olinayotganda fuqarolarga Xalq banki umrbod qilib belgilanadigan, doimiy shaxsiy tartib raqamli shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari ochadi. SHaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga tartib raqami berish fuqarolarning pasportidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.

Fuqarolarning yashash yoki ish joyi yoxud pasportidagi ma’lumotlar o’zgargan taqdirda shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’i tartib raqami o’zgarishsiz qoladi va yangi shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’i ochish talab etilmaydi.

9-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasi

Fuqaroning jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olish huquqini tasdiqlovchi jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasi fuqaroga shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’i ochilganidan keyin Xalq banki tomonidan beriladi.

Jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasida hisobga olingan sana, fuqaroning shaxsiga oid ma’lumotlar, shu jumladan shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’ining tartib raqami, shuningdek boshqa zarur ma’lumotlar ko’rsatiladi. Jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasini berish tartibi va bunday daftarcha shakli O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasi yo’qotib qo’yilgan (yo’qolgan) taqdirda uning dublikati shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’ining o’sha tartib raqami qo’yilgan holda beriladi.

10-modda. SHaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida mablag’larning shakllantirilishi

Jismoniy shaxslarning qonun hujjatlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan daromad solig’ining tegishlicha kamaytirilgan summasi hisobiga jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallarini ish beruvchi har oyda to’lab boradi.

Jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallarining miqdori xodimlarning, shu jumladan ishlayotgan pensionerlarning ish haqi va boshqa daromadi summasi asosida hisoblab chiqariladi hamda har yili O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan navbatdagi yilga mo’ljallangan O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini shakllantirish vaqtida belgilanadi.

Ish beruvchiga o’zining mablag’lari hisobidan o’z xodimlarining shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga qo’shimcha badallar to’lash huquqi beriladi. Qo’shimcha badallarning miqdori va ularni kiritish muddatlari jamoa shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo’lsa, ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.

Ish beruvchining jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallarini to’lashi uchinchi shaxslarning foydasiga amalga oshirilishi mumkin emas.

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimida majburiy tartibda ishtirok etuvchi fuqarolar o’z shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga, shuningdek uchinchi shaxslar foydasiga o’zlari mustaqil ravishda belgilaydigan miqdorlar va muddatlarda qo’shimcha badallar kiritishga haqli.

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etuvchi fuqarolar o’z shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga, shu jumladan uchinchi shaxslar foydasiga kiritiladigan badallar miqdori va muddatlarini o’zlari mustaqil ravishda belgilaydilar.

Xalq banki shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag’larga pul qadrsizlanishiga nisbatan yuqori sur’atlardagi stavkalar bo’yicha foizlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisoblab qo’shadi. Foiz stavkasi Xalq banki tomonidan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishib, jamg’arib boriladigan pensiya tizimining mablag’larini joylashtirishdan olingan daromadlar hisobga olingan holda belgilanadi.

11-modda. SHaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’larini shakllantirish

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’lari Xalq bankida shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida mablag’larni jamlash yo’li bilan shakllantiriladi.

SHaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida mablag’larni shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:

jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallari;

jamg’arib boriladigan ixtiyoriy pensiya badallari;

shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari mablag’lariga hisoblab chiqarilgan foizlar;

qonun hujjatlariga zid bo’lmagan boshqa mablag’lar.

12-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’laridan foydalanish

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’laridan jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlari to’lash uchun foydalaniladi.

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’laridan jamg’arib boriladigan pensiya tizimi bilan bog’liq bo’lmagan majburiyatlarni bajarish uchun foydalanish mumkin emas.

Xalq banki jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’larining alohida hisobini yuritadi.

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’larini ko’paytirish hamda ularni pul qadrsizlanishidan himoya etish maqsadida bunday mablag’lardan investtsiya va kredit resurslari sifatida, shuningdek moliyaviy vositalarga joylashtirish uchun foydalanilishi mumkin.

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’laridan investtsiya va kredit resurslari sifatida foydalanish O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Xalq banki tomonidan amalga oshiriladi.

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’larini moliyaviy vositalarga joylashtirish tartibi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.

13-modda. Shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga mablag’larning kelib tushishi va ulardan foydalanilishi ustidan nazorat

Shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari ochish hamda ularni yuritish tartibiga rioya etilishi, shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallarining to’g’ri va to’liq hisoblab chiqarilishi hamda o’z vaqtida to’lanishi ustidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi organlari, davlat soliq xizmati organlari va Xalq banki tomonidan amalga oshiriladi.

Shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag’lardan belgilangan maqsadda foydalanilishi hamda foizlar to’g’ri hisoblab chiqarilishi ustidan nazorat O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan, shuningdek Xalq bankining shu maqsad uchun maxsus tashkil etilgan bo’linmasi tomonidan amalga oshiriladi.

14-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’larini soliq solishdan ozod qilish

Jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallaridan, shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag’larga hisoblab chiqarilgan foizlardan hamda bunday mablag’lar foydalanilishidan fuqarolar va Xalq banki oladigan boshqa daromadlardan, jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlaridan, shuningdek jamg’arib boriladigan pensiya tizimi mablag’lari aylanmasidan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar olinmaydi.

15-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya badallari to’g’risidagi ma’lumotlarni taqdim etish

Jamg’arib boriladigan pensiya badallari kiritilganligi to’g’risidagi to’lov hujjati nusxasini, shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari tartib raqami, familiyalar, har bir xodimning hisoblab chiqarilgan ish haqi summasi, boshqa daromadlari va jamg’arib boriladigan pensiya badallari summasi ko’rsatilgan xodimlar reestrini ish beruvchi o’zi turgan joydagi Xalq banki filialiga har oyda taqdim etishi shart.

Xalq banki ushbu moddaning birinchi qismida ko’rsatilgan to’lov hujjati va reestr asosida mablag’larni shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o’tkazadi.

III. Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olish tartibi

16-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olish huquqi

Jamg’arib boriladigan pensiya tizimida ishtirok etuvchi fuqarolar pensiya to’lovlari oluvchi sifatida jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini qonun hujjatlariga muvofiq davlat pensiyasini olish huquqi yuzaga kelgan taqdirda olish huquqiga ega.

17-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini ayrim hollarda olish huquqi

Fuqaro vafot etgan taqdirda, shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’ida jamg’arilgan mablag’lar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda merosga o’tadi va merosxo’rga bir yo’la to’la hajmda to’lanadi.

Fuqaro O’zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga doimiy yashash joyiga chiqib ketayotgan bo’lsa, shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’ida jamg’arilgan mablag’lar bir yo’la to’la hajmda to’lanadi.

18-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olish huquqi to’g’risidagi guvohnoma

Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini oluvchining yashash joyidagi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limi qonun hujjatlarida belgilangan shaklda beradigan jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olish huquqi to’g’risidagi guvohnoma bunday to’lovlarni olish uchun asos bo’ladi.

Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olish huquqi to’g’risidagi guvohnomani berish so’ralgan arizani ushbu Qonun 6-moddasining birinchi qismida ko’rsatilgan fuqarolar ish beruvchi orqali, ushbu Qonun 6-moddasining ikkinchi qismida ko’rsatilgan fuqarolar esa bevosita yashash joylaridagi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limiga beradilar.

Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olish huquqi to’g’risidagi guvohnomada jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlari boshlanadigan sana ko’rsatiladi.

Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olish huquqi to’g’risidagi guvohnoma bunday to’lovlarni oluvchiga ariza O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limiga kelib tushgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda beriladi.

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olish huquqi to’g’risidagi guvohnoma o’z vaqtida berilishini ta’minlaydi hamda berilgan guvohnomalar hisobini yuritadi.

19-modda. Jamg’arib boriladigan pensiyato’lovlarini olishda tanlash huquqi

To’lovlarni oluvchilar o’zlari mustaqil ravishda belgilaydigan muddat mobaynida har oylik jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olishni yoki jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini bir yo’la olishni tanlash huquqiga ega.

20-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini to’lash

Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlari O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limi tomonidan berilgan jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini olish huquqi to’g’risidagi guvohnoma asosida bunday to’lovlarni oluvchining yashash joyidagi Xalq banki filiali tomonidan to’lanadi.

Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlari ularni olish uchun murojaat etilgan oydan keyingi oydan e’tiboran, lekin bunday to’lovlarni oluvchida davlat pensiyasini olish huquqi yuzaga kelgach, to’lanadi.

Bunday to’lovlarni oluvchilar shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridan mablag’larni qonun hujjatlariga muvofiq berilgan hujjatlar asosida ishonchli shaxslar orqali olishlari mumkin.

21-modda. Jamg’arib boriladigan pensiyato’lovlarini oluvchining huquqlari va majburiyatlari

Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini oluvchi quyidagi huquqlarga ega:

shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’idan to’lovlarni belgilangan tartibda olish;

shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’idagi jamg’armalarining holati to’g’risida, shuningdek shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’idagi mablag’larga hisoblab chiqarilgan foizlar haqida axborot olish;

shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’idagi jamg’armalarini qonun hujjatlariga muvofiq vasiyat qilib qoldirish.

Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini oluvchi Xalq bankining mazkur to’lovchi oldidagi majburiyatlarini bajarishiga ta’sir qiluvchi o’zgarishlar to’g’risida Xalq banki filialiga xabar qilishi shart.

Qonun hujjatlariga muvofiq, jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini oluvchi boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin.

22-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya badallarini kirituvchilarning majburiyatlari

Jamg’arib boriladigan pensiya badallarini kirituvchilar Xalq banki filialiga jamg’arib boriladigan pensiya tizimida hisobga olish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishlari hamda fuqarolarning shaxsiga oid ma’lumotlar bilan bog’liq barcha o’zgarishlar (mehnat shartnomasi tuzilganligi yoki bekor qilinganligi, pasportdagi ma’lumotlar hamda shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarini yuritish uchun zarur boshqa ma’lumotlar o’zgarganligi) to’g’risida xabar qilishlari shart.

Ish beruvchilar shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga badallarni o’z vaqtida kiritishlari hamda fuqarolarga hisoblab chiqarilgan va kiritilgan jamg’arib boriladigan pensiya badallari to’g’risidagi ma’lumotlarni ularning talabiga muvofiq berishlari shart.

23-modda. Xalq bankining huquqlari va majburiyatlari

Xalq banki:

jamg’arib boriladigan pensiya badallarini kirituvchilardan shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari ochish va ularni yuritish uchun zarur ma’lumotlarni olish;

jamg’arib boriladigan pensiya tizimining mablag’larini investtsiyalashdan olingan daromaddan marja olish huquqiga ega. Marja miqdori O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.

Xalq banki:

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari ochishi va yuritishi;

shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga kiritilayotgan badallar va hisoblab chiqarilgan foizlarni shaxslar bo’yicha hisobga olib borishi;

jamg’arib boriladigan pensiya badallarining hamda shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag’larga hisoblab chiqarilgan foizlarning o’z vaqtida va to’la hajmda o’tkazilishini ta’minlashi;

jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarining miqdori o’z vaqtida va to’g’ri tayinlanishini, shuningdek ular bunday to’lovlarni oluvchilarga to’liq berilishini ta’minlashi;

jamg’arib boriladigan pensiya tizimining mablag’larini moliyaviy vositalarga joylashtirish hamda bunday mablag’lardan investtsiya va kredit resurslari sifatida foydalanish yo’li bilan shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag’larning saqlanishini, ko’paytirilishini va pul qadrsizlanishidan himoya qilinishini ta’minlashi;

shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari holati to’g’risida fuqarolarni har yili, shuningdek ularning murojaatiga asosan xabardor qilishi;

shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga aloqador hujjatlar hamda yozuvlarning saqlanishini ta’minlashi shart.

Qonun hujjatlariga muvofiq, Xalq banki boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin.

IV. YAkunlovchi qoidalar

24-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlari to’lashni tugatish

Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini to’lash quyidagi hollarda tugatiladi:

shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’ida jamg’arilgan mablag’lar batamom tugaganda;

bunday to’lovlarni oluvchi shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvarag’ida jamg’arilgan jami summani merosga o’tkazish maqsadida to’lovlarni olishdan yozma ravishda notarial tasdiqlangan tartibda voz kechganda;

davlat pensiyasini olish huquqini yo’qotganda.

25-modda. Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini ushlab qolish yoki to’xtatib turish

Jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlarini ushlab qolish yoki to’xtatib turish sud qarorlari va boshqa organlarning qonun hujjatlariga muvofiq ijro etiladigan hujjatlari asosida amalga oshirilishi mumkin.

26-modda. Nizolarni hal qilish

Fuqarolarning jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.

27-modda. Fuqarolarning jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Fuqarolarning jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar.

 

O’zbekiston Respublikasining Prezidenti                                               I. Karimov

 

 

Tez-tez beriladigan savollar