13
Chet elda ishlangan davrlar quyidagi shartlarga ko‘ra mehnat stajiga qo‘shiladi, bundan ushbu bandning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno:
- 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan taqdirda;
- 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun — yagona ijtimoiy to‘lov;
- 2020 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yollanma (bitim) asosda chet elda ishlaganligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organlar mehnat daftarchasiga kiritgan qaydnomalarga qarab aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning chet elda ishlagan davrini mehnat stajiga kiritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs boshqa davlatda ishlagan har bir yil uchun Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘laydi.
Chet elda bo‘lish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar, pasportdagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar) hamda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning boshqa davlatda bo‘lgan vaqti va konsullik hisobiga qo‘yilganligi ma’lumoti ko‘rsatilgan tegishli hujjatlar asosida tasdiqlanadi.
Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs pensiya bilan ta’minlanish miqdoridan kelib chiqib Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq miqdorini mustaqil ravishda, biroq Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘lash sanasida qonun hujjatlarida belgilangan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari miqdorda belgilashi mumkin.
Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs tomonidan ijtimoiy soliq to‘lash quyidagi tartibda amalga oshirilishi mumkin:
- har oyda yoki har chorakda;
- bir yo‘la — O‘zbekiston Respublikasiga kelgan kunidan boshlab uch yil mobaynida.
Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha to‘langan taqdirda ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatida ko‘rsatilgan sana ijtimoiy soliq to‘langan kun hisoblanadi. To‘lov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, JShShIR (PINFL) va to‘lov amalga oshirilayotgan davr albatta ko‘rsatilishi shart. Agar to‘lov hujjatida davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy uchun to‘langan deb hisoblanadi.
Milliy valyutadagi ijtimoiy soliq chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs banklarda ochilgan Pensiya jamg‘armasining tegishli daromad tranzit hisob raqamlariga uning tomonidan mustaqil ravishda, oila a’zolari yoki ishonchli vakil tomonidan to‘lanadi.
Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘lash xorijiy valyutada (boshqa davlat hududidan) Pensiya jamg‘armasining maxsus valyuta hisob raqamlariga amalga oshirilishi mumkin va to‘lov sanasiga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha milliy valyutaga qayta hisoblab chiqiladi.
Chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘lashni to‘xtatib turganda, pensiya tayinlash uchun olinadigan ish staji hisobi Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘langan so‘nggi sanadan boshlab to‘xtatib turiladi.
Pensiya jamg‘armasiga to‘langan ijtimoiy soliq miqdori ijtimoiy soliqning belgilangan miqdoridan kam bo‘lgan taqdirda, pensiya tayinlash uchun olinadigan tegishli davr uchun ish staji zarur mablag‘larni qo‘shimcha ravishda kiritish sharti bilan hisobga olinadi