Kunlik daromad (24-04-2025) - 40.0 mlrd. so'm                  Oy boshidan daromad - 5,117.2 mlrd. so'm                  Oy boshidan xarajat - 6,017.4 mlrd. so'm
1
0
0
%

aprel oyi uchun
moliyalashtirildi
Ishonch telefon1271

18

Aholini ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, Pensiya jamg‘armasini ishonchli daromad manbalari bilan ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida quyidagi soliqlar ko‘zda tutilgan:

ijtimoiy soliq

ayrim toifadagi jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq

Ijtimoiy soliq to‘lovchilar:

O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;

O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar, chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalari va filiallari;

soliq kodeksning 408 va 409-moddalarida nazarda tutilgan tartibga muvofiq ijtimoiy soliq to‘laydigan jismoniy shaxslarning ayrim toifalari.

Soliq solish ob’ekti:

Ish beruvchining xodimlar mehnatiga haq to‘lashga doir xarajatlari ijtimoiy soliqning (bundan buyon ushbu bo‘limda soliq deb yuritiladi) soliq solish ob’ektidir.

O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun chet ellik xodimlar bilan ta’minlash yuzasidan xizmatlar ko‘rsatishga doir shartnomalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan yuridik shaxsga to‘lanadigan chet ellik xodimlarning daromadlari ham soliq solish ob’ektidir.

Jismoniy shaxslarning ayrim toifalari uchun ular tomonidan tadbirkorlik faoliyatini va (yoki) yakka tartibdagi mehnat faoliyatini amalga oshirish soliq solish ob’ektidir.

Quyidagilar soliq solish ob’ekti hisoblanmaydi:

ish beruvchining xodimga mehnatda mayib bo‘lganligi yoki sog‘ligiga boshqacha shikast yetganligi bilan bog‘liq zararning o‘rnini qoplash tarzidagi, soliq kodeksining 369-moddasi ikkinchi qismining 10-bandida ko‘rsatilgan miqdorlardan ortiqcha xarajatlari;

paxta yig‘im-terimi bo‘yicha mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslarning bu ishlarni bajarganligi uchun mehnat haqi to‘lashga doir xarajatlar.

Soliq bazasi:

Soliqni hisoblab chiqarish uchun soliq bazasi soliq kodeksning 371-moddasiga muvofiq to‘lanadigan xarajatlar summasi sifatida aniqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar uchun soliqni hisoblab chiqarish maqsadida soliq bazasi ularning O‘zbekiston Respublikasida byudjet tashkilotlari xodimlari uchun ish haqi miqdorining oshishi inobatga olingan holda qayta hisoblab chiqariladigan, ular O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga ishga yuborilguniga qadar oxirgi ish joyida mehnatga haq to‘lash tarzida olgan daromadlaridan kelib chiqib aniqlanadi.

Soliq kodeksi 403-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan daromadlar bo‘yicha soliqni hisoblab chiqarish uchun soliq bazasi chet ellik xodimlarga to‘lanadigan daromadlar summasi sifatida, biroq O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun chet ellik xodimlar bilan ta’minlash yuzasidan xizmatlar ko‘rsatishga doir shartnoma bo‘yicha xarajatlar umumiy summasining 90 foizidan kam bo‘lmagan summada belgilanadi.

Soliq davri. Hisobot davri:

Kalendar yil soliq davridir.

Yil oyi hisobot davridir.

Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisobotini taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi:

Soliq soliq bazasidan va belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda har oyda hisoblab chiqariladi.

Soliq ish beruvchining va ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari bo‘yicha, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar bo‘yicha soliqni to‘lash majburiyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining zimmasiga yuklatiladi.

Soliq hisoboti soliq hisobida turilgan joydagi soliq organlariga soliq to‘lovchi tomonidan ortib boruvchi yakun bilan har oyda hisobot davridan keyingi oyning 15 kunidan kechiktirmay, yil yakunlari bo‘yicha esa yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi. O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan yil yakunlari bo‘yicha soliqning hisoboti hisobot yilidan keyingi yilning 25 martiga qadar taqdim etiladi.

Soliqni to‘lash har oyda, soliq hisobotini taqdim etish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Ayrim toifadagi jismoniy shaxslar tomonidan soliqni hisoblab chiqarish va to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari:

Soliq soliq to‘lovchining kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qat’i nazar:

1) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda;

2) yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan (bundan buyon matnda yakka tartibdagi tadbirkorning xodimlari deb yuritiladi) — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida;

3) faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila a’zolari tomonidan:

yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan oila a’zosi tomonidan — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda;

oilaning boshqa a’zolari tomonidan (bundan o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganlar mustasno) — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida;

4) «Hunarmand» uyushmasining hunarmandchilik faoliyati sub’ektlari bo‘lgan, qishloq tumanlarida ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan a’zolari tomonidan o‘z faoliyatining dastlabki ikki yilida — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida;

5) «Usta-shogird» maktablari o‘quvchilari tomonidan ular yigirma besh yoshga to‘lguniga qadar ishlagan davrida — yiliga bazaviy hisoblash miqdorining
2,5 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda majburiy tartibda to‘lanadi. Belgilangan miqdordagi soliqning to‘lanishi mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir yil deb hisobga olinadi.

Yuridik shaxs tashkil etgan holda va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo‘jaliklarining a’zolari, shuningdek maydoni to‘rt sotixdan kam bo‘lmagan dehqon xo‘jaligida, tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yoki ushbu maydonda qoramol yoxud ellik boshdan kam bo‘lmagan xonaki parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida soliq to‘laydi. Bunda dehqon xo‘jaligi rahbari soliqni majburiy tartibda to‘laydi, boshqa a’zolari va ko‘rsatilgan jismoniy shaxslar esa ixtiyoriy asosda to‘laydi. Belgilangan miqdordagi soliqning to‘lanishi dehqon xo‘jaligi a’zosining va jismoniy shaxsning mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir yil deb hisobga olinadi.

Yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi hunarmandchilik faoliyati sub’ektlari bo‘lgan «Hunarmand» uyushmasining a’zolari soliq to‘lashdan ozod etiladi, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan, yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan qolgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun esa soliq miqdori uning belgilangan eng kam miqdorining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak. Mazkur imtiyozlar pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi. Imtiyozlarga bo‘lgan huquq kalendar yil davomida vujudga kelgan yoki tugatilgan taqdirda, soliqni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq yuzaga kelgan yoki tugatilgan oydan e’tiboran amalga oshiriladi.

Soliqni to‘lash quyidagicha amalga oshiriladi:

ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan — har oyda, tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilgan oyning o‘n beshinchi kunidan kechiktirmay;

yuridik shaxs tashkil etgan holda va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo‘jaliklarining a’zolari tomonidan — hisobot yilining 1 oktyabrigacha amalga oshiriladi. Bunda soliqning miqdori to‘lov kuniga belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.

Yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolari tomonidan soliqni to‘lash ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan oydan keyingi oydan e’tiboran amalga oshiriladi.

Soliqni to‘lash majburiyati:

yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshirayotgan oila a’zolari uchun — oilaviy tadbirkorlik sub’ekti nomidan ish yuritadigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan oila a’zosining;

yakka tartibdagi tadbirkorning xodimlari uchun — ushbu xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzgan yakka tartibdagi tadbirkorning zimmasiga yuklatiladi.

To‘lov topshiriqnomasida (kirim orderida) soliq to‘lovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, identifikatsiya raqami va to‘lov kiritilayotgan davr ko‘rsatilishi shart. Bunda oila a’zolari — oilaviy tadbirkorlik ishtirokchilari va xodim yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘yicha to‘lov topshiriqnomasi (kirim orderi) har bir oila a’zosi uchun va yakka tartibdagi tadbirkorning har bir yollangan xodimi uchun alohida-alohida yoziladi. Agar to‘lov topshiriqnomasida (kirim orderida) davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy (dehqon xo‘jaliklari a’zolari uchun — yil) uchun to‘langan deb hisoblanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati vaqtinchalik to‘xtatib turilganligi to‘g‘risida soliq organlari tomonidan olingan axborot yakka tartibdagi tadbirkor o‘z faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun soliqni hisoblashni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.

Soliq organlari tomonidan olingan, har bir yollangan xodim uchun belgilangan tartibda berilgan hisobga olish kartochkalari yakka tartibdagi tadbirkor o‘z faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun yakka tartibdagi tadbirkorning har bir xodimiga soliqni hisoblashni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.

Agar faoliyatini to‘xtatib turgan yakka tartibdagi tadbirkor yakka tartibdagi tadbirkorning har bir xodimi uchun hisobga olish kartochkasini soliq organiga belgilangan muddatlarda topshirmasa, yakka tartibdagi tadbirkorning majburiyatlari bo‘yicha soliqni hisoblash to‘xtatilmaydi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilar soliqni soliq kodeksning 405-moddasida ko‘rsatilgan soliq stavkalari bo‘yicha jami yillik daromad to‘g‘risida deklaratsiyada ko‘rsatilgan mehnatga haq to‘lash tarzida olingan daromadlar summasidan kelib chiqib to‘lashga, biroq ushbu moddada belgilangan, uning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan, soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lash haqida jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda beriladigan ariza asosida to‘lashga haqli. Bunda to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqning uzil-kesil summasi ushbu moddaning birinchi — beshinchi qismlariga muvofiq to‘langan summalar hisobga olingan holda aniqlanadi.

Ixtiyoriy ravishda soliqni hisoblab chiqarish va to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari:

Qonun hujjatlariga muvofiq soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar soliqni jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyada ko‘rsatilgan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar summasidan kelib chiqqan holda, soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lash haqida jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda beriladigan ariza asosida ixtiyoriy asosda to‘laydi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan soliqni to‘lash jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya ma’lumotlari bo‘yicha soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash muddatlarida amalga oshiriladi.

Saralash: