9
Pensiyani hisoblab chiqarish uchun, ishdagi mavjud tanaffuslardan qatʻi nazar, oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yildagi (pensiya so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha) ish haqi olinadi.
Pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqi o‘tgan yillardagi ish haqlarini pensiya tayinlanadigan kundagi ish haqi darajasiga keltirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda qayta hisoblanadi.
Pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi ketma-ket ishlangan oltmish kalendar oylar uchun qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini oltmishga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda pensiya so‘rab murojaat etgan kishining xohishiga ko‘ra, ishga qabul qilish yoki mehnat shartnomasini bekor qilish munosabati bilan ish kunlari soni to‘liq bo‘lmagan oylar to‘liq ishlangan kalendar oylar sifatida hisobga olinadi.
Pensiya so‘rab murojaat etgan kishi besh yildan kam ishlagan hollarda pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi ishlangan kalendar oylar uchun qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini shu oylar soniga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.
Mavsumiy ishlarda band bo‘lgan xodimlarga pensiyalar tayinlashda pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi, ishdagi mavjud tanaffuslardan qatʻi nazar, mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yili davomidagi istalgan ketma-ket besh mavsumdagi (pensiya so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha) qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini oltmishga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.
Pensiyani hisob-kitob qilish uchun pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n ikki baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi olinadi.
Pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoridan oz bo‘lgan yoki ish haqi to‘g‘risidagi maʻlumotlar umuman mavjud bo‘lmagan hollarda pensiya pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Pensiyani hisoblab chiqarish uchun ish haqiga, shuningdek ish haqining natural qismiga:
- 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urta badallari hisoblanadigan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar;
- 2019 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun — qonun hujjatlariga muvofiq hisoblangan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar qo‘shiladi.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasiga taalluqli bo‘lmagan shaxslarga pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlarga o‘xshash pul taʻminotining barcha turlari qonun hujjatlariga muvofiq qo‘shiladi.
O‘qish davrida to‘langan stipendiya pensiya so‘rab murojaat etuvchining xohishiga ko‘ra ish haqiga tenglashtiriladi.
Ish vaqtini hisobga olib bo‘lmaydigan xodimlarning (yakka tartibdagi tadbirkor va u tomonidan yollangan xodimning, dehqon xo‘jaligi va oilaviy tadbirkorlik subʻekti aʻzosining) pensiyasini hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqining miqdori:
- 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘langan sug‘urta badallarining miqdoridan;
- 2019 yil 1 yanvardan 2019 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov miqdoridan;
- 2020 yil 1 yanvardan — to‘langan ijtimoiy soliq miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.