Kunlik daromad (24-04-2025) - 40.0 mlrd. so'm                  Oy boshidan daromad - 5,117.2 mlrd. so'm                  Oy boshidan xarajat - 6,017.4 mlrd. so'm
1
0
0
%

aprel oyi uchun
moliyalashtirildi
Ishonch telefon1271

5

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktorining Pensiya jamg‘armasi jamoasiga

MUROJAATI

 

Jamiyatda shunday illatlar borki, u ma’lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Davlatni ich-ichidan yemiradigan ana shunday illat – korrupsiya va poraxo‘rlikdir. Aynan shu illat sababli ko‘plab davlatlarning inqirozga yuz tutgani ham tarixdan ma’lum.

Hozirgi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Davlatimiz rahbari ham mazkur masalaga alohida urg‘u berib, jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zaruriyati haqidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qo‘yilgan tamal toshi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni samaradorligini oshirish uchun kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat Rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, bu illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda loqaydlik, befarqlik, ikkiyuzlamachilik, tovlamachilik, firibgarlik, urug‘-aymoqchilik, tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik kabi illatlar Pensiya jamg‘armasi tizimida ham hali-hamon uchrayotganligiga guvoh bo‘lib turibmiz. Sohada korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati tomonidan muntazam ravishda profilaktik suhbatlar va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, korrupsiya xavfini baholash, xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashishga o‘qitish va ularning malakasini oshirish, buning uchun samarali ichki nazorat, xususan, aholi va xodimlarga korrupsiyaga oid masalalar yuzasidan murojaat qilish tizimi joriy etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining asosiy faoliyatining yo‘nalishlari – qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil etish, shuningdek, fuqarolarga pensiya, ijtimoiy nafaqa, kompensatsiya hamda boshqa qo‘shimcha to‘lovlarni tayinlash, ularning miqdorlarining qayta hisoblab chiqilishini ta’minlash, pensiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘liq hajmda moliyalashtirish va to‘lanishini tashkil etish, fuqarolarning pensiya ta’minotiga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan qat’iy maqsadli foydalanilishini ta’minlash hamda aybdor tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida qoplanmagan (to‘lanmagan) mablag‘larni undirilishini ta’minlash tashkil etish hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishlarda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik va ularni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiyaviy xavf-xatarlarga ko‘maklashuvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan preventiv chora-tadbirlarni amalga oshirishni o‘zimizga ustuvor vazifa qilib olishimiz darkor.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha ishlar quyidagilar asosida tashkil etilsin:

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq, shuningdek Jamg‘armaning ichki hujjatlariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirilsin;

xodimlar o‘z faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaning har qanday shakllari va ko‘rinishlariga murosasiz (toqatsiz) munosabatda bo‘lishi shart;

korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy xarakatlarning sodir etilishiga xizmat qiluvchi sabab va shart-sharoitlar hamda korrupsiyaviy xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish Jamg‘armaning xodimlari uchun ustuvor vazifa qilib belgilansin;

korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilsin;

xodimlarning faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha zarur choralar ko‘rilsin;

hududiy boshqarma va tuman (shahar) bo‘lim boshliqlari o‘z xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy savodxonligini, shu jumladan huquqiy bilimlari darajasini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirsin;

hududiy boshqarma boshliqlari va tuman (shahar) bo‘lim boshliqlari o‘z xodimlarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqining yagona prinsiplari va qoidalarini belgilovchi odob-axloq qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha nazoratni amalga oshirsin;

nomzodlarni ishga qabul qilishda, ularning huquqiy maqomini belgilash, xizmatni o‘tashning shaffof tartibini o‘rnatish, shaxsiy va kasbiy sifatlar, ochiqlik, beg‘arazlik, adolatlilik va xolislik prinsiplari asosida tanlov bo‘yicha saralash hamda xizmatda ko‘tarilish tizimi joriy etilsin;

jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlariga doir murojaatlari to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi ta’minlansin.

Hududiy boshqarma va tuman (shahar) bo‘limi xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi lozim. Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, xodimlar o‘zining bevosita rahbarini darhol xabardor qilishi kerak.

Jamg‘armaning mansabdor shaxslari hamda boshqa xodimlari qonunchilikka rioya etishi, o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarini beg‘arazlik bilan, xolisona, vijdonan, odob-axloq qoidalariga rioya etgan holda bajarishi hamda korrupsiyaga oid biror-bir huquqbuzarlikni sodir etishdan yoki bunday huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlar yaratadigan boshqa har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi shart.

Korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan xodimlar o‘zining mavqei va egallab turgan lavozimidan qat’iy nazar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Pensiya jamg‘armasining ichki idoraviy hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Jamg‘armaning har bir xodimi korrupsiyaviy harakat sodir etilganligiga doir ishonchli va asosli ma’lumotlar mavjud bo‘lganda Pensiya jamg‘armasi rahabriyatiga, hududiy boshqarma yoki tuman (shahar) bo‘limi rahbariga hech qanday to‘siqsiz murojaat qilishi shart.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslarning va ularning yaqin qarindoshlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qilganligi sababli tajovuz qilishga, shuningdek ish beruvchi tomonidan ularning mehnatga oid huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, korrupsiya holatlari bilan bog‘liq ariza yoki shikoyatlar, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bo‘lgan har bir xodimni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining aloqa kanallari orqali xabar berishga chaqiramiz.

Xalqimiz xizmatida ekanmiz, barchani korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida bir maqsad sari birlashib halollikni, oshkoralikni hamda korrupsiyaga qarshi mutlaqo toqatsizlikni namoyish etishga chorlaymiz.

Saralash: