107
Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda farzandlarga va 3-bandda ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga pensiya ular boquvchining qaramog‘ida turgan-turmaganidan qatʻi nazar tayinlanadi.
Marhumning qaramog‘ida turmagan ota-onasi va eri (xotini) ham, keyinchalik kun kechirish uchun zarur mablag‘ manbaidan mahrum bo‘lib qolsalar, pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.
Quyidagilar oilaning mehnatga qobiliyatsiz a’zolari hisoblanadilar:
- bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki 18 yoshdan katta bo‘lsa, agar ular 18 yoshga to‘lguniga qadar nogironligi bor bola bo‘lib qolgan bo‘lsa. Bunda basharti, agar aka-ukalar, opa-singillar va nabiralarning mehnatga qobiliyatli ota-onasi bo‘lmasa;
- ota, ona, o‘gay ota, o‘gay ona, xotin, er, basharti, ular 7-moddada nazarda tutilgan pensiya yoshiga to‘lgan yoki nogiron bo‘lsalar;
- yoshidan va mehnat qobiliyatidan qatʻi nazar, ota va onadan biri yoki er (xotin) yoxud buva, buvi, aka-uka yoki opa-singil, agar u vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan taʻtilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar boqish bilan mashg‘ul bo‘lsa va ishlamasa;
- buva va buvi — agar qonunga muvofiq ularni boqishi shart bo‘lgan kishilar bo‘lmasa.
Taʻlim tashkilotlarining o‘quvchilari va talabalari o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lguniga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘lgan voyaga yetmagan farzandlar, ular farzandlikka olinganlarida ham bu huquqni saqlab qoladilar.
O‘gay o‘g‘il va o‘gay qiz, agar ular ota-onalaridan aliment olmagan bo‘lsalar, haqiqiy farzandlar singari pensiya olish huquqiga egadirlar.
O‘gay ota va o‘gay ona, agar vafot etgan o‘gay o‘g‘ilni (qizni) 18 yoshga to‘lgunga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan yoki boqqan bo‘lsalar, haqiqiy ota va ona singari pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:
- pensiya tayinlanayotgan shaxsning yoshini tasdiqlovchi tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki pasport;
- oila a’zosining vafot etgan boquvchi bilan qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar (nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma, nikoh bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, u bo‘lmagan taqdirda — fuqarolik holati dalolatnomalaridagi yozuvdan ko‘chirma, vakolatli tashkilotlarning yoki xorijiy davlatlar mansabdor shaxslarining maʻlumotnomasi);
- boquvchining vafot etganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi yoki uning bedarak yo‘qolganligi to‘g‘risida sudning qarori;
- vafot etgan boquvchining ish stajini, shu jumladan maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;
- vafot etgan boquvchining ish haqi to‘g‘risidagi maʻlumotnoma.
Bundan tashqari, zarur hollarda boshqa hujjatlar taqdim etiladi:
Boquvchi-pensioner vafot etgan taqdirda ushbu bandda ko‘rsatilgan zarur hujjatlar taqdim etilishi kerak, vafot etganning pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildida mavjud bo‘lgan hujjatlar bundan mustasno.
Pensiya jamg‘armasi bo‘limi arizaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqi nogironlik oqibatida beriladigan oilaning katta yoshdagi a’zosiga TIEKdan olingan nogironlik to‘g‘risidagi maʻlumotnomaning tegishli qismini ilova qiladi.