11789
Yoshga doir pensiya olish huquqiga:
- erkaklar-60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;
- ayollar-55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.
Pensiya tayinlash uchun (7-modda) yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar ushbu Qonun 37-moddasi birinchi qismining «a»,«b», «v» va «g» bandlarida nazarda tutilgan kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda (29-modda) tayinlanadi.
Imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiyalar olish huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 12 maydagi 250-son qarori bilan tasdiqlangan imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlarning 1, 2 va 3-son ro‘yxatlariga asosan alohida toifadagi fuqarolar egadirlar:
- 1-son ro‘yxat – yoshidan qatʻiy nazar;
- 2-son ro‘yxat – umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirgan holda;
- 3-son ro‘yxat – umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirgan holda.
Umumiy belgilangan yoshni qisqartirgan holda imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqiga, shuningdek:
- “Fuqarolarning davlat pensiya taʻminoti to‘g‘risida”gi Qonunining 37-moddasining «a», «b», «v» va «g» bandlarida nazarda tutilgan kamida yigirma yillik ish staji bo‘lgan ayollar - 1 yilga qisqartirgan holda ( ellik to‘rt yoshga to‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar);
- urush nogironlari va ularga tenglashtirilgan shaxslar va bolalikdan nogiron farzandlarning onalari ularni sakkiz yoshgacha tarbiyalagan bo‘lsa — ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda. Basharti, ayol o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizni ular 8 yoshga to‘lguniga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan bo‘lsa, pensiya tayinlashda ular haqiqiy farzandlar bilan teng ravishda hisobga olinadi – 5 yilga qisqartirgan holda;
Pensiya olish huquqiga gipofizar mittilik kasaliga chalinganlar (liliputlar) va gavda tuzilishida mutanosiblik buzilgan pakanalar - 10 yilga qisqartirgan holda:
- erkaklar — ish staji kamida 20 yil bo‘lganda;
- ayollar — ish staji kamida 15 yil bo‘lganda ega bo‘ladilar.
Imtiyozli shartlarda pensiyalarni tayinlash tartibining asosiy shartlari O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʻminoti to‘g‘risida”gi Qonunining 10-13-moddalari aks ettirilgan.
Qonun 37-moddasining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida nazarda tutilgan kamida yigirma yillik ish staji bo‘lgan ayollar ellik to‘rt yoshga to‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.