14
Pensiyalar komissiyaning qarorida ko‘rsatilgan miqdor hamda muddatlardan kelib chiqib to‘lanadi.
Pensionerlarga pensiya ularning xohishiga ko‘ra doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot orqali naqd pulda yoki pensionerning xohishiga ko‘ra pul mablag‘larini bank kartasiga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan tijorat bankining filiali orqali to‘lanadi.
Shaxs pensiya va nafaqa to‘lovini naqd pul shaklida olish uchun ushbu Nizomga 14-ilovaga muvofiq shakldagi ariza bilan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, naqd pulsiz shaklda olish uchun tijorat banki filialiga yoki bank mobil ilovalari orqali murojaat qiladi. Bunda ushbu maʻlumotlar tijorat banklari tomonidan o‘zaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron tarzda Pensiya jamg‘armasiga yuboriladi.
Shaxsning tanlovi bo‘yicha unga to‘lanishi lozim bo‘lgan pensiya summasi, bir vaqtning o‘zida pensiya to‘lovining bir nechta shaklidan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.
To‘lov shakli shaxs tegishli ariza taqdim etgan yoki elektron shaklda murojaat etgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab o‘zgartiriladi yoki tiklanadi.
Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya to‘lovi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan manzil-koloniya maʻmuriyati orqali mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga naqd pulsiz shaklda o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Manzil-koloniya maʻmuriyati har oyning 1-kunida joriy oy uchun manzil-koloniyada jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiyalar to‘lovi uchun mablag‘larni olishga ushbu Nizomga 15-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha talabnomani manzil-koloniya joylashgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga taqdim etadi.